Arab Ligasi kuzatuvchilariga eshigini ochgan, notinch Suriyada bugun bir necha kishi o’lgan. Guvohlar va faollar “Amerika Ovozi” ga buni ma’lum qildi.
Xavfsizlik kuchlari Hims shahrida to’qqiz odamni, Idlib viloyatidagi olishuvlarda yana ikki fuqaro halok bo’lgan.
To’qnashuvlar Arab Ligasi kuzatuvchilari Suriyaga safar qilishi kutilayotgan bir paytga to’g’ri kelgan. Prezident Bashar al-Assad ma’muriyati isyonkor fuqaroga qarshi hujumlarni tugatishga va’da berar ekan, delegatsiya uning ijrosini tekshirishi kerak bo’ladi.
Bu guruh tarkibida yuzlab kuzatuvchi borligi ma’lum. To’qqiz oydan beri namoyishlar bilan yuzalshayotgan Assad xalqaro hamjamiyat bosimi ostida murosaga rozilik berganday.
Dushanbadan beri, deydi muxolif kuchlar, mamlakatda kamida 250 fuqaro o’lgan. Bu mart oyidan buyon eng qonli hafta, deydi ular.
Qo’shma Shtatlar Suriyaga nisbatan qo’shimcha jazo choralari haqida ogohlantiradi.
“Arab Ligasi da’vatlari ish bermasa, jahon ahli aralashishga majbur bo’ladi. Qon to’kilishlari davom etayotgan bir paytda Assadning so’zlariga ishonish mumkin emas”, - deydi Davlat departamenti so’zlovchisi Viktoriya Nuland.
“Suriya hukumati bilan savdo qilishda davom etayotgan davlatlar o’z siyosatini qayta ko’rib chiqqani ma’qul. Siz sotayotgan yonilg’i, yegulik bu yurt ahliga qarshi qo’llanayotgani sir emas”, - deydi Nuland.
Suriya bo’yicha tahlilchi Endryu Tabler joriy haftadagi zo’ravonlik bejiz emas, deb hisoblaydi.
“Kuzatuvchilar kelmasidan oldin imkon qadar ko’p isyonchining popugini pasaytirib qo’ymoqchi hukumat”, - deydi ekspert. Tabler nazarida liga jo’natayotgan 120 kuzatuvchi yetarli emas.
Oq uy pozitsiyasi shuki, Bashar al-Assad hokimiyatdan ketishi lozim.