Breaking News

Yamanda jangarilar hokimiyatga kelishi mumkin


Mutaxassislarning aksariyati prezident iste’foga chiqmaguncha Yamanda vaziyat o’zgarmasligiga ishora qiladi
Mutaxassislarning aksariyati prezident iste’foga chiqmaguncha Yamanda vaziyat o’zgarmasligiga ishora qiladi

Yamanda hukumat va muxolifat kuchlari o’rtasida tinchlik tashabbuslaridan samara yo’q ekan, al-Qoida kabi terrorchi tashkilotlar yuzaga kelgan siyosiy bo’hrondan foydalanib, faoliyatiga zo’r berishi mumkin.

Yamanda yanvar oyidan beri hukm surayotgan tanazzul bahonasida al-Qoida kuchlari ayrim shaharlar va mamlakat janubini nazorat qilmoqda. Dubayda joylashgan Fors ko’rfazi harbiy tadqiqotlar instituti mutaxassisi Teodor Karasik nazarida al-Qoida Yamanda kuchaymoqda.

“Yamanda hukumat va muxolifatning murosaga kelmayotgani al-Qoidaga mamlakatda mahkam o’rnashib olib, Yaman va xorijda terror xurujlarini rejalashga yaxshi imkon yaratmoqda”, - deydi mutaxassis.

“G’arb davlatlari arab dunyosidagi inqilobiy jarayonlarning barchasiga javob berishi qiyin, shu sabab Yamanda ro’y berayotgan voqealar ularning kun tartibidan joy olgan emas”, - deydi Karasik.

Yamanni qariyb 33 yil boshqargan prezident Ali Abdulla Solih ayni damda Saudiya Arabistonida raketa hujumida olgan jarohatini davolamoqda.

Hukumat va muxolifat o’rtasidagi to’qnashuvlar ketidan prezident Solih iste’fo berishga va’da bergan edi, lekin keyingi bayonotlarida mamlakatga qaytib kurashni a davom ettirishini bildirgan.

Mutaxassislarning aksariyati prezident iste’foga chiqmaguncha Yamanda vaziyat o’zgarmasligiga ishora qiladi. Solih mamlakatga qaytsa, fuqarolar urushi avj olishi mumkin, deydi tahlilchilar.

Yaqin Sharq masalalari bo’yicha ekspert Deyv Xartvell deydiki, al-Qoida Yamandagi siyosiy kurashdan foydalanib mamlakat nazoratini qo’lga olishi mumkin degan da’volar haqiqatdan yiroq.

“Al-Qoidada hokimiyatga intilish yo’q. Ular shunchaki qarovsiz qolgan hududlardan xurujlarini rejalashda foydalanyapti xolos”, - deydi u.

Yamandagi nozik vaziyat bilan yaxshi tanish Forz ko’rfazi hamkorlik kengashiga a’zo mamlakatlar esa prezident Solih va muxolifat o’rtasida vositachi bo’lishga harakat qilmoqda.

Iyun oyidan buyon Saudiya Arabistonida muolaja olayotgan Ali Abdulla Solih yaqinda qilgan videomurojaatida vakolatlarini vitse-prezidentga topshirib, kelasi olti oyda saylov o’tkazishni taklif etgan. Unga ko’ra masala konstitutsion tartibda hal etilishi kerak.

“Ayrim kuchlar ta’sirida mamlakat siyosiy bo’hronga yuz tutgani bilan saylovlarni muxolifat bilan kelishgan holda o’tkazish ma’qul”, - deydi prezident Solih.

Siyosiy fanlar bo’yicha yamanlik mutaxassis Ahmad Abdul Karim Saif nazarida kelasi olti oyda saylov o’tkazish mumkin emas.

“Fors ko’rfazi hamkorlik kengashi saylovlarni prezident iste’foga chiqishidan 60 kun ichida o’tkazishni taklif etmoqda. Ammo bunday muhlat mavjud qonunlarni o’zgartirib, saylovchilarni ro’yxatga olishga yetmaydi. Prezident esa olti oygacha muhlat belgilamoqchi”, - deydi Karim Saif.

Prezident Solih vakolatlarini vitse-prezidentga muxolifat talab qilganidek to’liq emas, qisman topshirgan xolos. Ammo tomonlarning bir to’xtamga kelishi uchun bu ham kifoya, deydi tahlilchi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG