Breaking News

Turkiya Suriya bilan chegarani mahkamlashga kirishdi


O’tgan yilgi kelishuvga binoan ikki mamlakat o’rtasida viza talab qilinmaydi
O’tgan yilgi kelishuvga binoan ikki mamlakat o’rtasida viza talab qilinmaydi

Suriyada hukumatga qarshi namoyishlar qonli ravishda bostirilib, yuzlab faollar qamoqqa olinishini xalqaro jamoatchilik qoralamoqda.

Huquq tashkilotlari ma’lumotiga ko’ra tergov ostidagi fuqarolarning aksariyati kaltaklangan. Vaziyat yanada chigallashishidan cho’chigan Turkiya chegara hududlari nazoratini oshirmoqda.

Suriyalik qochqinlar katta sonda Turkiyadan panoh topayotgani gumanitar inqirozdan darak.

Prezident Abdulla Gul Anqara hukumati chora-tadbirlar ko’ra boshlashini e’lon qildi. Qochqinlarning bir qismi Suriyadagi mahalliy turklar. Qochqinlarga ko'ra vaziyat og’ir.

O’tgan yilgi kelishuvga binoan ikki mamlakat o’rtasida viza talab qilinmaydi.

Turk diplomati Selim Yenel krizisga qaramay ushbu kelishuv kuchda qolishini aytgan. Rasmiy Damashq bilan aloqadamiz, vaziyat yaqin orada izga tushadi deb umid qilamiz, deydi u.

Turkiyani xavotirga solayotgan faqat qochqinlar masalasi emas.

Bosh vazir Rajab Toyib Erdog’an fikricha, Suriyada fuqaro urushi boshlanib, mamlakat parchalanishi ehtimoli bor. Voqealar bunday tus olishiga qarshimiz. Suriya birligini saqlab qolishi uchun hukumat barcha chorani ko’rishi kerak, deydi Erdog’an.

Jurnalist Soli Ozel so’zlariga ko’ra, Turkiya singari Suriyada ham etnik kurdlar masalasi mavjud. Uning nazarida agarda kelishmovchilik etnik janjalga aylansa, kurdlar ham mustaqillik talab qilishi mumkin, bu esa Turkiya uchun xavfli.

Ikki mamlakat o’rtasidagi qariyb 800 kilometrli chegaraning har ikki tomonida kurdlar istiqomat qiladi.

Mutaxassislarga ko’ra, Bashar al-Assad hukumati bu jamoani musht bilan nazorat qilib kelgan. Ularga qo’yib bersa, mustaqillik talab qiladi, deya bong uradi.

Muxolifatchilardan tashkil topgan “Damashq Deklaratsiyasi” nomli guruh rahbari Anas Abdah bu fikrga qo’shilmaydi.

Suriyada qariyb ikki million kurd yashaydi, ya’ni aholining 9 foizi. Suriyadan ajralib chiqish yoki Turkiya va Iroq uchun biror muammo yaratishdan yiroq ular, deya ta’kidlaydi u.

Siyosatshunos Nuray Mert nazarida esa mintaqa olovdek yonib turgan bir mahalda bunday gaplarga hech kim ishonmaydi. Uning aytishicha vaziyat izdan chiqishi kurd jamoasiga qo’l kelishi mumkin.

Suriyadagi kurdlar amaldagi hokimiyatga qarshi. Erondagi kurdlar ham Ahmadinejod rejimiga qarshi kurashib keladi va mintaqadagi o’zgarishlarga katta hissa qo’shadi deb o’ylayman.

Natijada Turkiyadagi kurd siyosiy harakati jonlanadi, Kurdiston Ishchilar Partiyasi singari jangari guruhlarga dalda beradi, deydi ekspert.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG