SURIYA
Armiya Turkiya chegarasidan 2 kilometr naridagi Bdama shahrida isyonni bostirishga kirishgan.
“Binolarga o’t qo’yildi, otishma va portlashlar yangramoqda, harbiylar 70 dan ziyod fuqaroni hibsga oldi”, - deydi faollar.
Juma kuni Suriyaning Xoms va Deraa shaharlarida yirik namoyishlar bo’lib o’tdi. Kamida 19 odam otib o’ldirilgan. G’alayon mamlakat bo’ylab tarqalar ekan, taxminan 10 ming kishi Turkiyaga qochgan.
Britaniya hukumati Suriyadagi fuqarolarini mamlakatni tark etishga undamoqda.
Obama ma’muriyatining bildirishicha, prezident Bashar al-Assad urush jinoyatlarida ayblanishi mumkin. Mart oyida boshlangan qo’zg’olonlar hozircha 1400 odamni hayotdan olib ketdi.
MAROKASH
Faollar hukumat e’lon qilgan konstitutsion islohotlarni “yuzaki” deya ta’riflab, ertaga yirik namoyish rejalamoqda.
47 yoshli qirol Muhammad kechagi nutqida bosh qomusga o’zgartirishlar kiritilishini, bosh vazir va parlamentga ko’proq vakolat berishini aytdi.
Biroq diniy va harbiy masalalarda baribir qirolning aytgani bo’ladi.
1 iyul kuni referendumga qo’yiladigan islolot dasturiga nisbatan marokashliklar orasida munosabat turlicha.
Ayrimlar demokratik mamlakatlar safiga qo’shildik desa, boshqalar to’rt asrlik monarxiyada biror jiddiy o’zgarish bo’lishiga ishonmaydi.
LIVIYA
Rahbar Muammar Qaddafiyga sodiq armiya Nalut shahrida isyonchilar bilan olishmoqda. Sakkiz kishi o’lgan.
Liviyaga qarshi harbiy kampaniyaga bosh-qosh NATO qo’mondonligi havo hujumlarida ataylab oddiy odamlar nishonga olinayotgani haqidagi iddaolarni rad etdi.
Alyans so’zlovchisi Oana Lungeskuning aytishicha, aholini shafqatsiz va sistematik ravishda qirayotgan - Qaddafiy va uning buyrug’ini bajarayotgan harbiylar.
Xalqaro koalitsiya poytaxt Tripolini tunu kun bombardimon qilayapti. Polkovnik Qaddafiy audio murojaatida “biz sizni yer tishlatamiz” deb yana dag’dag’a qildi.
Unga qarshi kurashayotgan isyonchilarni, Liviya muxolifatini tan olgan so’nggi davlat bu Avstriya. Italiya, Fransiya va Qatar ham muvaqqat kengash bilan diplomatik aloqa o’rnatgan.
Bu orada, prezident Barak Obama Oq uy va Pentagondagi advokatlar maslahatini rad qilib, AQSh Liviyaga nisbatan harbiy kampaniyada ishtirok etishda davom etadi, demoqda.
“Nyu-York Tayms” gazetasining yozishicha, davlat rahbariga Kongressdan ruxsat olish tavsiya qilingan.
Biroq Oq uy nazarida, Barak Obama bu borada o’zi, mustaqil qaror qabul qilish vakolatiga ega, chunki Qaddafiyga qarshi olib borilayotgan operatsiyada AQSh yordamchi vazifasini o’tayapti.
1973 yilda qabul qilingan qonunga binoan 60 kundan ortiqqa cho'zilgan harbiy harakat Kongress tasdig'idan o'tishi shart. Missiya 20 iyun kuni yakunlanishi lozim.
Kongressning 10 ga yaqin respublikachi va demokrat a’zolari prezident qonunni buzmoqda deya sudga arz qilgan.