Breaking News

Jin Sharp - "Arab bahori"ga turtki bergan ta'limot asoschisi


Professor Jin Sharp
Professor Jin Sharp

Arab dunyosi g'alayonlar ichida. Liviya, Suriya, Yaman... Namoyishchilar "biz tinchlik tarafdorimiz" deydi, lekin hukumatlar nazarida ular jamiyatni beqarorlashtirayotgan kuchlar.

Qozg'olon degan narsa tinch o'tishi mumkinmi? Tinch namoyishlar deganda nimani tushunamiz? Amerikalik, 93 yoshli professor Jin Sharp (Jean Sharp) bu borada kitob yozib, dunyo bo'ylab shuhrat qozongan.

Mutaxassislarning aytishicha, jarayonlar asosida amerikalik keksa olim ancha yil oldin olg'a surgan tamoyillar yotibdi. Ular professor Jin Sharpning "Diktaturadan demokratiyagacha" kitobida bitilgan.

Jin Sharp - "Arab bahori"ga turtki bergan ta'limot asoschisi
Jin Sharp - "Arab bahori"ga turtki bergan ta'limot asoschisi

"Kitob 1993-yilda yozilgan bo'lsa-da, uning asosiga salkam 20 yillik tadqiqotim va kuzatuvlarim kirgan", - deydi u.

Professor Sharp kitobni birmalik siyosiy dissidentlar iltimosiga ko'ra yozgan edi. O'shandan beri asar 34 tilga o'girilgan.

"Arab tiliga ham tarjima qilingan. "Musulmon Birodarlar" harakati uni internetdagi sahifasiga elektron ko'rinishda qo'ygan", - deydi Sharp.

Muallif istiqomat qiluvchi Boston mahallalaridan biri va Qohiraning Tahrir maydoni o'rtasida o'xshashlik bo'lmasa-da, Sharp o'z kitobida taklif qilgan kurash usuli Misrni ostin-ustun qildi.

"Namoyishchilar yaxshi tayyorgarlik ko'rishdi, rejalari puxta bo'ldi. Xalqqa qo'rquvdan xoli bo'lish kerakligini yaxshi tushuntira oldilar", - deydi olim.

Sharpning nozo'ravon kurash g'oyalari asosida Maxatma Gandi, Genri Deyvid Toro va Albert Eynshteyn ta'limotlari yotadi. Sharp g'oyalarini targ'ib qilish uchun nodavlat tashkilotga asos solib, unga mashhur fizik nomini beradi - Albert Eynshteyn Instituti.

Sharp ta'limoti nozo'ravon kurashga asoslangan. U taklif qilgan usullar amaliy bo'lib, samarasi bir necha bor o'z aksini topgan.

"Nozo'ravon kurashning amaliy qo'llanilishini kuzatib boraman. Ba'zida ish bersa, ba'zida amalga oshmaydi. Uni hamisha takomillashtirib borish kerak", - deydi u.

Jin Sharpning usullari ko'plab mamlakatlarda siyosiy o'zgarishlarga yetakladi. Masalan, Sharqiy Yevropada, 2000-yillar boshlarida.

AQSh armiyasining iste'fodagi generali Robert Xelvi Birma va Serbiyada faollarni tayyorlashda uning taktikasidan foydalangan.

"Jin bu g'oyalarni odamlarning ongiga so'nggi 40 yil davomida quyib bordi. Omma ularni hazm qila boshlagan, o'z mamlakatlarida ularni ishga solyapti, go'yoki bu usullar ular uchun maxsus ishlanganday", - deydi iste'fodagi general.

Professor Sharp o'zi 1983-yilda asos solgan tashkilotda shu bugunga qadar mehnat qiladi. Yaqinda yangi kitobni yozib tugatdi - "Hokimiyat va kurash. Sharp lug'ati". Qo'llanma shu yil kuzida nashrdan chiqadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG