Liviya muxolifati uzoq yillik rahbar - Muammar Qaddafiyni hokimiyatdan ketkazish uchun astoydil kurash olib bormoqda. “Qaddafiy”, deydi ular, “umrbod rahbar emas, bir kun ketadi. Liviya jamiyati demokratik yo’ldan boradi”.
Isyonchilar tuzgan Muvaqqat milliy kengash, Nasiba, nomidan ma’lumki, vaqtinchalik bir organ. Mamlakat sharqida hukmron oppozitsiya mamlakatni yagona bayroq ostida birlashtirishni maqsad qilgan. Tripoli uning poytaxti bo’lib qoladi.
Cho’lu-biyobondan iborat Liviyaning sharqiy qismlari azaldan Muammar Qaddafiyga muxolif guruhlar beshigi sanalgan. G’arbda xavotir shuki, yangi, bo’lajak hukumatda xalq manfaati birdek ko’rilmasligi, muayyan qabilalar hokimiyatni egallashi mumkin.
Oppozitsiyaning o’zini ham yaxlit bir kuch deb ta’riflash qiyin va Milliy muvaqqat kengash vakillari buni tan oladi. Liviya g’arbida, armiya nazorati ostidagi hududlarda Qaddafiyga qarshi jang qilayotgan, o’zini o’zi boshqarayotgan mayda guruhlar bor.
G’arb davlatlari tan olgan kengash Bing’ozi shahrida joylashgan. Yangi konstitutsiya ustida ish ketmoqda.
Kengash a’zolari orasida sobiq vazirlar, harbiylar va qabila yetakchilari bor.
“Hokimiyat talashayotganimiz yo’q”, deydi ular.
Buning isboti sifatida ayrimlar parlament va prezident saylovlarida ishtirok etmasligini aytadi. Ularning kelajakka umidi, arboblarga ishonchi so'ngan.
Liviya muxolifatini kuni kecha Turkiya ham tan olib, 200 million dollar ko’mak va’da qildi.
Biroq muvaqqat kengash layoqatlimi, xalq ishonchini qozona olayaptimi? - degan savolga hozircha aniq javob yo’q.
“Bing’ozi ahli juda qiyin bir ahvolda, oddiy xizmatlardan mahrum”, - deydi bir liviyalik.
“Xorijdan millionlab dollar pul tushyapti, lekin banklardan naqd pul olish mushkul. Shaharda kuniga 8 soat elektr yo’q”.
Boshqalar nazarida, bir umr Qaddafiy ko’rsatmalarini bajarib kelgan odamlar bir yoqadan bosh chiqargani, ko’ngillilar yordamida xavfsizlik va kommunal xizmatlarni ta’minlayotgani katta gap.
Muxolifat so’zlovchisi Jalol al-G’alol deydiki, liviyaliklar davlatini yangidan qurayotgan bo’lsa-da, adolat, erkinlik va mas’uliyat nima ekanini hech kimga tushuntirib o’tirishning hojati yo’q.