Breaking News

Klinton, Lavrov: Qaddafiy ketishi kerak


Klinton, Lavrov: Qaddafiy ketishi kerak
Klinton, Lavrov: Qaddafiy ketishi kerak

Amerika Davlat kotibasi Xillari Klinton Liviyadagi ahvolni muhokama qilish uchun bugun Turkiyaga yo’l oldi.

Chorshanba kuni Klinton Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan ham shu haqda gaplashib, ikkisi Muammar Qaddafiy ketishi kerak, deya xulosa qilgan edi.

Amerika diplomati Istanbulda 40 dan ziyod davlat vakillarini jamlagan anjumanda qatnashadi. Bu tadbir qatnashchilari NATOning Liviyadagi harbiy harakatlarini va muxolifatni yoqlab keladi.

O’tgan oy uchrashgan bu guruh oppozitsiya va mojaroda jabr ko’rgan aholiga bir milliard dollar yordam va’da qilgan edi.

Rossiya va Amerika esa Liviya masalasida ancha tortishib, Kreml NATO hujumlari ko’lamini tanqid qilishda davom etmoqda.

Lekin Klinton so’zlariga qaraganda, Rossiya va AQSh Qaddafiy iste’fosi va tinchlik chambarchas bog’liq ekanida hamfikr.

“Uning qachon ketishini aniq ayta olmaymiz, biroq kuni bitayotgani rost”, - deydi Klinton.

Sergey Lavrov nazarida Qaddafiy ma’muriyati muxolifat bilan murosaga erishishi kerak, boshqa yo’l yo’q.

Liviya hukumati bu orada Italiya neft-gaz sektori bilan aloqani uzmoqchi, chunki bu davlat NATO operatsiyalarida ishtirok etmoqda. Italiyaning ENI energetik kompaniyasi ancha yillardan beri Liviyada faoliyat ko’rsatib keladi.

Liviya muxolifati, bu orada, poytaxtga kiraverishdagi al-Qavalish qishlog’ini egallab, oldinga siljimoqda.

U yog’i katta trassaga yetaklovchi Garyon shahrigacha bir qadam. So’nggi g’alabadan ruhlangan isyonchilar Muammar Qaddafiy qarorgohi Tripolini qo’lga kiritamiz, deydi. Ular neftga boy Brega shahriga ham yurish qilmoqchi.

Amerikada asoslangan “Human Rights Watch” tashkiloti chorshanba kuni isyonchilarni qaroqchilik, kasalxona va uylarni o’marish, Misrata va Bing’ozi kabi shaharlarda Qaddafiyga moyil fuqarolarning nafsoniyatiga tegishda ayblab, tanqid qilib chiqqan.

“Human Rights Watch” muxolifatni aholini himoya qilib, tartibbuzarlarni jazolashga chaqirmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG