Breaking News

Rossiya, NATO Liviya masalasida kelishmadi


Rossiya, NATO Liviya masalasida kelishmadi
Rossiya, NATO Liviya masalasida kelishmadi

Rossiya va NATO Liviyadagi harbiy operatsiya masalasida kelisha olmayapti. Kreml izohiga ko’ra, xalqaro koalitsiya BMT rezolyutsiyasini o’zi xohlagancha talqin qilib, ish ko’rmoqda.

NATO Bosh kotibi Anders Fog Rasmussen dushanba kuni Rossiyaning Sochi shahriga borib, prezident Dmitriy Medvedev va Janubiy Afrika Respublikasi rahbari Jeykob Zuma bilan Liviya haqida gaplashgan.

Liviya masalasida NATO a’zolari safida ham e’tiroz kuchaygan bir pallada Anders Fog Rasmussen missiya asosli va adolatli deb keladi.

“Muammar Qaddafiy o’z xalqiga qarshi zulmni bas qilmas ekan, operatsiya davom etadi”, - deydi NATO bosh kotibi.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov nazarida havo hujumlariga doir BMT rezolyutsiyasi ijrosi bobida fikrlar tarqoq.

“Xalqaro koalitsiya, hujjatga ko’ra, aholini himoya qilishi kerak edi. Lekin alyans polkovnik Muammar Qaddafiydan qutulishga kirishdi”, - deydi Lavrov.

“Talabimiz shuki, NATO rezolyutsiyadan chetga chiqmasin”, - deydi u.

Rossiya Liviya muxolifatiga qurol-aslaha uzatilganidan ham norozi.

BMT Xavfsizlik Kengashi bahor boshida Liviya ahlini mudofaa qilishga doir rezolyutsiyani ma’qullagan, Rossiya ovoz bermaslikni afzal topgan edi.

Qaddafiy ma’muriyatining bildirishicha esa muxolifat bilan muzokara ish bera boshlagan va to’rt oylik mojaro barham topishi mumkin.

Tashqi ishlar vaziri muovini Holid Qaim so’zlariga ko’ra, tomonlar ikki oydan beri gaplashib keladi. Muloqotda oppozitsiya tuzgan boshqaruv kengashidan vakillar bor, deydi u.

Yaqin Sharqda nufuzi baland, kuch-qudratga to’lgan Turkiya kecha Liviya muxolifatini tan oldi. Oppozitsiya tuzgan boshqaruv kengashi Liviya xalqini o’zida mujassam etadi, deydi Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmet Dovuto’g’li.

“Turkiya Liviya xalqi talablari va yurt yaxlitligini qo’llab-quvvatlaydi. Muxolifat bu davlatni boshqarishga qodir”, - deydi Dovuto’g’li.

Oy boshida Turkiya oppozitsiyaga 100 million dollar yordam va’da qilgan edi. Dovuto’g’lining aytishicha, bunga qo’shimcha tarzda yana 200 million dollarlik madad ajratiladi.

Isyonchilar esa rahbar Muammar Qaddafiy Liviyada qolishiga rozi.

“Biroq polkovnik iste’foga chiqib, xalqaro hamjamiyat hukmiga quloq tutishi, qo’shinlar ham oyog’ini tortishi shart”, - deydi muxolif boshqaruv kengashi yetakchisi Mustafo Abdul Jalil.

Xalqaro koalitsiya havo hujumlari va muxolifat isyoniga qaramay Muammar Qaddafiydan hozircha javob yo’q. Polkovnik yil boshidayoq “so’nggi nafasimgacha olishaman” degan edi.

G’arb, jumladan, Qo’shma Shtatlar Qaddafiyga qarshi bor chorani ishga solar ekan, AQShda ko’zga ko’ringan senatorlar prezident Obamani savolga tutmoqda.

Senator Jo Liberman fikricha, Obama Liviyadagi missiyadan maqsadni aniq belgilashi kerak.

“Qaddafiyni hokimiyatdan ag’darmoqchi emasmiz, deya qayta-qayta aytildi. Holbuki, buning aksi-ku! Rejim o’zgarib, Liviya xalqini diktator rahbardan xalos etish-ku maqsadimiz”, - deydi senator.

Jo Liberman nazarida AQSh NATO hujumlariga ko’proq hissa qo’shsagina Qaddafiy taslim bo’lishi mumkin.

Senator Lindsi Grexem bu fikrga qo’shiladi.

“Maqsad – Liviya xalqi, uning haq-huquqini himoya qilish. Bunga erishishning yagona yo’li – Qaddafiydan qutulish”, - deydi senator.

AQShda o’tkazilgan so’nggi ijtimoiy so’rov natijalariga ko’ra, aholining 46 foizi Liviyadagi harbiy amaliyotlarga qarshi. 36 foizi uni qo’llab-quvvatlamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG