Liviya isyonchilari olti soatlik olishuv ketidan poytaxt Tripoli janubidagi ikki kichik shaharni qo’lga oldi. Hukumat kuchlari bilan to’qnashuvda 14 kishi halok bo’lgan. Uch oydan oshiq davom etayotgan urushga yakun yasash uchun ham diplomatik, ham harbiy vositalar ishga solinyapti.
Bugun aniq aytish mumkinki, Liviya rahbari Muammar Qaddafiy xalqaro sahnada tobora yakka, oppozitsiya mavqei esa oshib bormoqda.
Yevropa Ittifoqi va NATO rahbariyati kelasi hafta Bryusselda ular bilan uchrashadi.
NATO Bosh kotibi Anders Fog Rasmussenga ko’ra, Liviya istiqbolini muhokama qilish, fikr almashish uchun yaxshi imkoniyat bu.
NATO tashkilotiga 28 davlat a’zo bo’lsa, shundan 12 tasi muxolifat tuzgan kengashni tan oladi.
Rasmussen deydiki, polkovnik Qaddafiy muayyan shartlar asosida iste’fo berishga tayyor degan xabarlar, afsuski, o’z tasdig’ini topmayapti.
“Mojaroni tugatish uning qo’lida. Xalqim ortiq jabr ko’rmasin desa, Qaddafiy hokimiyatdan ketishi kerak”, - deydi u.
Mojaro yaqin orada hal bo’lishi ehtimoldan xoli emas.
Ayrim manbalarga qaraganda, Liviya hukumati a’zolari oppozitsiya bilan aloqada. Rossiya va Janubiy Afrika Respublikasi vositachilik faoliyatini oshirmoqda.
Fransiya isyonchilarga qurol-aslaha yetkazib kelayotgani ham ma’lum.
“Muammar Qaddafiy oldida barcha yo’llar yopiq. Sodiq xizmatchilari, vazirlar va harbiy yetakchilar uni birma-bir tark etmoqda, chunki bilishadiki, bu yog’i oz qoldi”, - deydi NATO rahbari Anders Fog Rasmussen.
“Qaddafiy hokimiyatni o’g’liga topshirishi haqida gap bo’lishi mumkin emas. Har ikkisi jinoyatchi va xalqaro tribunal oldida javob beradi”, - deydi u.