Urush va tinchlik masalalari ovozga qo’yilganda, global liderlikka da’vogar davlatlardan aniq bir pozitsiyani egallash kutiladi. “Ha” yoki “yo’q”.
Rossiya Liviya rahbariga qarshi harbiy chora ko’rish haqidagi rezolyutsiyaga umuman ovoz bermagan. Bu har jihatdan pragmatik qaror, deydi siyosatdonlar.
BMT ijozati bilan Liviyaga raketalar yog’ila boshlagach, Rossiya e’tirozini yashirmadi.
Moskvaga safar qilgan AQSh Mudofaa vaziri Robert Geytsga tinch aholi talofat ko’rayotgani eslatildi.
Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov “Liviya muxolifatiga qurol uzatilishiga qat’iyan qarshimiz”, - deb chiqdi.
Rossiya axborot vositalarida ham tinimsiz tanqidlar. Masalan rus deputatlari nazarida, G’arb Liviyada mag’lubiyatga uchrashi tayin.
O’tgan hafta Amerikaning Moskvadagi elchixonasi qarshisida bir guruh yoshlar namoyish qilib, Barak Obamadan Tinchlik uchun Nobel mukofotini qaytarib berishni talab qildi.
Bularni qisman anti-amerikanizm kayfiyati bilan izohlash mumkin. Rossiyada o’tkazilgan ommaviy so’rov natijasiga ko’ra, fuqarolarning 65 foizi AQShni butun dunyoni nazorat qilishga urinayotgan “agressor” deb biladi.
Masalaning boshqa tarafi ham bor. Gap shundaki, Rossiya G’arb bilan savdo-sotiq va sarmoyaga avvalgidek muhtoj emas.
Kapital oqimi tashqi siyosatni ham belgilaydi, deydi “Verno Kapital” sarmoya kompaniyasi vakili Roland Nesh.
“G’arb Rossiya uchun avvalgidek muhim ahamiyat kasb etmaydi”, - deydi u.
“Kremlning diqqati hozir tez su’ratda o’sayotgan mamlakatlarda, masalan Xitoy. Qolaversa Fors ko’rfazi davlatlari, Janubiy Amerika va Afrika”.
O’zini mustamlakachilik va G’arb agressiyasi qurboni deb biluvchi mamlakatlar bilan Rossiya bemalol til topishadi, deydi Ronald Nesh, va ular bilan savdoni kengaytirmoqda.
"Bundan 10 yil oldin G’arb eng yaqin iqtisodiy hamkori edi, hozir esa Xitoy. Rossiya Xitoy bilan milliardlab dollarga teng savdo-sotiq olib boradi, hatto Germaniya ham ortda qoldi”, - deydi sarmoyachi.
Siyosatdondonlar ta’biricha, Rossiya hozirgi qudrati va mavqeiga yarasha dunyoda o’z o’rnini topishga harakat qilayotgan davlat. O’z manfaati va ehtiyojidan kelib chiqqan holda sherik va ittifoqchi tanlaydi.
Sovet davrida rus diplomatlari BMTda AQSh quvvatlagan hujjatlarga doimo qarshi ovoz bergan.
Liviya masalasiga kelganda, Rossiya ovoz berishdan bosh tortib, Xitoy, Braziliya va Hindiston bilan bir safda turdi.
Jurnalist Fyodor Lukyanov so’zlariga ko’ra, Rossiya bundan buyon global ahamiyatga molik har bir masalada qatnashishga ishtiyoqmand emas.
“O’zinikini birovga berib qo’ymaydi. Manfaatlarini aniq belgilab olgan va shunga qarab ish tutmoqda”, - deydi u.
Afrika, Lotin Amerikasi va Osiyo bilan yaqinroq hamkorlik qilishga o’tgan.
“Bilamizki, tabiiy resurslar ishlab chiqarish va sotishda Rossiyaga teng keladigani yo’q. Osiyo bu mahsulotning yirik xaridori. Iqtisodiy rishtalar kuchayib borayotgani bejiz emas”, - deydi investor Roland Nesh.
Rossiyaning Afrika bo’yicha bosh diplomati Mixail Margelov o’tgan hafta jurnalistlar bilan suhbat qildi. Uning fikricha, Liviya rahbari Muammar Qaddafiy hokimiyatda uzoq qolmaydi. Oppozitsiya bilan aloqa o’rnatish uchun vakillar jo’natilgan.
Siyosatdonlar talqinicha, Rossiya Liviya borasida neytral pozitsiyada turishga, o’rta yo’ldan borishga harakat qildi va oxir-oqibat hech narsani qoyillatmadi, ya’ni bu bilan hozircha biror yutuqqa erishgani yo’q.