Breaking News

Liviya muxolifati haqida nima bilamiz?


Liviya muxolifati haqida nima bilamiz?
Liviya muxolifati haqida nima bilamiz?

Liviya muxolifati Muammar Qaddafiy bilan sulh tuzishga rozi, agar harbiy yurishlar bas qilinib, fuqarolarga namoyish qilish huquqi berilsa.

Mazkur bayonot Bing’ozi shahrida, BMT elchisi Abdulloh al-Hotib bilan muzokara chog’ida yangradi.

Liviya rahbari o’z vakilini Britaniyaga yuborib, mojaroga diplomatik yechim topishga harakat qilayotgani ham ma’lum.

Muhammad Ismoilga “Qaddafiy ketishi kerak” deb uqtirdik, deydi ingliz diplomatlari. Britaniya Tashqi ishlar vazirligi muzokaralar xususida bundan ortiq ma’lumot bermaydi.

Liviya muxolifati haqida nima bilamiz?
Liviya muxolifati haqida nima bilamiz?

Qaddafiy o’tgan bir haftada yana ikki maslahatchisidan ayrildi. Tashqi ishlar vaziri Musa Kusa Britaniyaga, sobiq tashqi ishlar vaziri Ali Abdusalom Treki esa Misrga qochgan. Muxolifat nazarida rejim ichkaridan darz ketayotganining isboti bu.

Musa Kusa uzoq yillar razvedka rahbari bo’lib ham ishlagan. Yuqori lavozimli rasmiylarga qo’riqchi tayinlanib, ular yaqinroq nazorat qilinayotgani aytiladi.

Hozirga kelib shunisi ayonki, isyonchi guruhlar tashqi yordamsiz Qaddafiy armiyasiga bas kela olmaydi. Ammo harbiy kampaniyani yuritayotgan NATO, shimoliy alyans ularni qurollantirish taklifiga qarshi.

“Maqsad aholini himoya qilish, qo’liga qurol tutqazish emas”, - deydi NATO rahbari Anders Fog Rasmussen.

Liviya muxolifati haqida nima bilamiz?
Liviya muxolifati haqida nima bilamiz?

AQSh va Britaniya nazarida esa taklif BMT rezolyutsiyasiga aslo zid emas. Mavzu ittifoqchilar orasida munozaraga sabab bo’lyapti.

NATO harbiy kengashi boshlig’i admiral Giampaolo Di Paolaning aytishicha, hammasi rezolyutsiya qanday talqin qilinishiga bog’liq. “Yakuniy qarorga kelmadik”, - deydi u.

Admiral so’zlariga ko’ra, Liviya oppozitsiyasi safida al-Qoida a’zolari borligi haqidagi mish-mishlarga ajablanmasa ham bo’ladi. Beqarorlik mintaqaga jangarilarni jalb qilishi ehtimoldan xoli emas.

Prezident Barak Obama, bu orada, Liviyadagi missiyada AQSh rolini tushuntirish uchun vazirlarni va harbiy qo’mondonlarni Kongressga yubordi. Oq uy bu mamlakatga bitta ham askarni yubormaymiz, deb keladi. Liviyadagi isyonchilarni qurollantirishga qarshilik ham kuchli.

Mudofaa vaziri Robert Geytsning tan olishicha, Qaddafiyga qarshi qurol ko’targan guruhlar, ularning yetakchilari haqida ma’lumot juda oz.

Xalqaro matbuotda umumlashtirilib, “oppozitsiya” deb ta’riflanayotgan bu to’dalar tarqoq, bir-biri bilan kelishmasdan harakat qilayotgani ma’lum. Zaif tomoni ham shu.

Liviya muxolifati haqida nima bilamiz?
Liviya muxolifati haqida nima bilamiz?

“Ularni tayyorgarlikdan o’tkazish, yordam uzatish zarur deb hisoblaymiz. Bu vazifani bajara oladigan mamlakatlar ko’p. Ishni boshlash ularga havola”, - deydi Geyts.

Qonunchilarga hisobot bergan AQSh admirali Mayk Mullen nazarida, NATOga a’zo bo’lmagan biror davlat bu borada tashabbusni qo’lga olgani ma’qul.

Kongress a’zolari, ayniqsa respublikachilar prezident Obama Liviya borasida biz bilan maslahat qilmadi, deya uni tanqidga olmoqda.

Oq uy va mudofaa vazirining bildirishicha, AQShning missiyadagi ishtiroki haqida o’z vaqtida ma’lumot uzatilgan. Operatsiyaning dastlabki kunlarida ayrim qonunchilar hatto Liviya uzra parvozlarni taqiqlash kerak, deb chiqqan edi.

Vazir Geytsning ta’kidlashicha, xalqaro hamjamiyat Liviya muxolifati haqida ko’p narsani bilmasligi haqiqat, ammo Muammar Qaddafiy nimaga qodir ekani hammaga ma’lum.

“Arab Ligasi, BMT va NATO shu bois bir yoqadan bosh chiqardi. Qaddafiy o’z xalqini qirish u yoqda tursin, Yaqin Sharqdagi vaziyatni butunlay izdan chiqarishi mumkin”.

Qaddafiyni hokimiyatdan chetlatish asosiy maqsad ekan, AQSh va Britaniya Liviyaga o’z razvedkachilarini jo’natgan. Muxbirimiz Gari Tomasning hikoya qilishicha, voqealar rivojiga ta’sir qilishga qaratilgan maxfiy operatsiyalar haqida gap ketmoqda.

AQSh Markaziy Razvedkasi agentlari Liviyaga qanday topshiriq bilan borgani ma’lum emas.

“Lekin”, deydi xavfsizlik bo’yicha ekspert Jennifer Sims, “razvedkani ishga solgan hukumatlar qay tomonga yon bosayotgani va maqsad nima ekanini aniq belgilab olgan bo’lishi lozim”.

Uning aytishicha, maxfiy operatsiya o’tkazish tashabbusi odatda siyosatchilardan chiqadi. Razvedka agentligi topshiriqni bajaruvchi instrument, xolos.

XS
SM
MD
LG