Liviyaning Tunis bilan chegara hududi isyonchilar qo’liga o’tgan. Muammar Qaddafiyga qarshi kurashayotgan guruhlar mamlakat g’arbida, qo’shni davlatga olib boruvchi yo’llarni nazorat qilmoqda.
Shiddatli janglar ketidan Qaddafiyga sodiq 100 dan ziyod harbiylar Tunisga qochgan.
Liviya muxolifati G’arb davlatlaridan Muammar Qaddafiyga qarshi xalqaro kampaniyani kengaytirishni so’ramoqda. Muxolifat yetakchilari bilan uchrashgan Fransiya prezidenti Nikolya Sarkozi bunga rozilik bergan.
Tinch aholiga hukumat kuchlaridan nariroq yurish tavsiya etilgan, toki havo hujumlaridan ularga ziyon yetmasin.
“Talofatlarning oldini olish uchun imkon boricha harakat qilayapmiz”, - deydi NATO qo’mondoni Charlz Bushard.
Liviyaning Misrata shahrida kecha xorijiy jurnalistlarni olib ketayotgan mashina o’qqa tutilib, ikki nafari halok bo’lgan.
Biri Afg’oniston haqidagi "Restrepo" filmi uchun Oskar mukofotiga ko’rsatilgan britaniyalik fotograf va prodyuser Tim Xezerington (Hetherington). Yana biri Getty Images kompaniyasi suratkashi, amerikalik Kris Xondros.
Qo’shma Shtatlar bu orada Liviya oppozitsiyasini qo’llab-quvvatlash uchun 25 million dollar ajratayotganini e’lon qildi. Davlat kotibasi Xillari Klintonning bildirishicha, yordam paketi dori-darmon, kiyim-bosh, poyafzal, himoya va aloqa vositalaridan iborat. Qurol-yarog’ unga kirmaydi.
“AQSh xalqaro hamkorlari, jumladan Britaniya, Fransiya va Italiya bilan maslahatlashib, shu qarorga keldi. Liviya muxolifatiga uzatiladigan yordam BMT rezolyutsiyasiga zid emas”, - deydi AQSh davlat kotibasi.
Yevropa ham o’z navbatida bu davlatga harbiy maslahatchi va murabbiylarni yuborish arafasida.
Eslatib o’tamiz, isyonchilar Bing’ozi shahrida tuzgan muvaqqat hukumatni bir necha davlat qonuniy deb tan olgan. Uni bir paytlar Qaddafiy qo’lida ishlagan sobiq rasmiylar boshqaradi. Ayni damda AQSh diplomati Kris Stivens ham o’sha yerda.
Davlat departamentining qayd etishicha, Bing’oziga uzatilayotgan madad Vashington yaqin orada kengashni rasman tan oladi degani emas.