NATO, Shimoliy Atlantika harbiy bloki Liviyada muxolifat a’zolarini bilmay havodan nishonga olgan.
Jang maydonida vaziyat shu darajada o’zgaruvchanki, isyonchilarni Muammar Qaddafiyga sodiq kuchlardan ajratish qiyin, deydi qo’mondonlar.
Liviya osmonini nazorat qilayotgan ittifoqchi davlatlar samolyotlari mamlakat sharqi, Brega shahri yaqinida harbiy kolonnani, jumladan tanklarni yo’q qilgan.
"Muammar Qaddafiyga qarshi kurashayotgan jangchilar voqeadan g’azabda. Bunday hujum so’nggi bir hafta ichida ikkinchi bor ro’y berishi. NATOning vazifasi fuqarolarni himoya qilish emasmi", - deb so’raydi muxolif kuchlar qo’mondoni Abdul Fattoh Yunus.
Harbiy alyans tekshiruv va’da qilgan. Hafta boshida xuddi shu hududda ittifoqchilar o’qidan 13 kishi halok bo’lgan edi.
Liviyaning Brega va neftga boy boshqa hududlari bir kun oppozitsiya nazoratida bo’lsa, ertasiga hukumat kuchlari qo’lida.
Bing’ozidan nariga o’tolmayotgan, holdan toygan isyonchilar neft eksportini yo’lga qo’ymoqda. Ular tuzgan muvaqqat hukumatni moliyalash va qurol sotib olish uchun pul kerak.
Ayni damda strategik shaharlar - Ajdabiya va Misrata ostonasida shiddatli janglar ketmoqda. Ko’pchilik aholi uy-joyini tark etgan.
Qariyb 300 yarador va yordamga muhtoj fuqaroni Turkiya kemasi evakuatsiya qilgani ma’lum. Fransiya dengiz kuchlari Misrataga gumanitar yuk yetkazishni boshladi.
Harbiylar xulosasiga ko’ra, Liviyada bir oydan oshiq davom etayotgan fuqaro urushi durang holga kelib qolgan. Bu Muammar Qaddafiy noma’lum muddatga hokimiyatda qoladi degani.
AQShning Afrika bo’yicha qo’mondoni general Karter Xem bu haqda qonunchilarga hisobot berdi.
Generalni savolga tutgan senator Jon Makkeyn nazarida, Liviya rahbariga qarshi harbiy harakatlar nisbatan kech boshlangani sabab uni hokimiyatdan ag’darish imkoniyati boy berildi.
"Bunda AQShni ham ayblash mumkin", - deydi Makkeyn.
Kongressda ayrim respublikachilar AQSh Liviya operatsiyasi bo’yicha mas’uliyatni NATOga topshirib qo’yganidan norozi.