Breaking News

Liviya rahbariyati xalqaro bosim ostida sulhga ko’ndi


Liviyaga qarshi hujumga tayyorgarlik, 18 mart 2011
Liviyaga qarshi hujumga tayyorgarlik, 18 mart 2011

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Liviya uzra parvozlarni taqiqlashga qaror qilgan. Liviya hukumati xalqaro bosimga javoban vaqtinchlik sulh e’lon qildi.

Liviya Tashqi ishlar vaziri Musa Kusa so’zlariga ko’ra, hukumat barcha tomonlar bilan muzokara boshlashga tayyor.

BMT Xavfsizlik Kengashi qabul qilgan rezolyutsiya - Muammar Qaddafiyga qarshi chora. Liviya harbiy-havo kuchlarini nishonga olish bugunoq boshlanishi mumkin edi.

Liviya tashqi ishlar vazirligi bu qarorni “bema’ni” deya qoralab, BMTni mamlakatga tekshiruv komissiyasi yo’llashga da’vat etmoqda.

Shoshilinch tarzda ma’qullangan hujjatga Xavfsizlik Kengashining besh a’zosi ovoz bermagan – Braziliya, Xitoy, Germaniya, Hindiston va Rossiya.

Rossiya vakili Vitaliy Churkin sababni tushuntirar ekan, bunday operatsiya mukammal tayyorgarlik talab qiladi, deydi. Uning aytishicha, muhokama uchun yetarli vaqt ajratilmagan.
Rezolyutsiyaga ko’ra, hukumat va isyonchilar qonli to’qnashuvlarni darhol bas qilib, aholi xavfsizligi ta’minlanishi zarur.

Ayni paytda Liviya oppozitsiyaning so’nggi qarorgohi – Bing’ozi shahri uchun kurash ketmoqda.

Jang oldidan Muammar Qaddafiy unga qarshi bosh ko’targan fuqarolarni kechirishga tayyor ekanini aytgan. “Taslim bo’lmasangiz, sizni yanchib tashlaymiz”, - deydi u.

Bu bayonotdan xalqaro hamjamiyat, xususan Amerika hukumati yanada ogoh tortgan.

AQShning BMTdagi vakili Syuzan Rays so’zlariga ko’ra, Liviyada qon to’kilishini zudlik bilan to’xtatish lozim.

Harbiy sanksiyani joriy etishda AQSh, Britaniya va Fransiya qatorida arab davlatlari - Qatar, Iordaniya va Birlashgan Arab Amirliklari ham qatnashadi.

Davlat kotibasi XIllari Klintonning qayd etishicha, endilikda Liviya harbiy samolyotlari va mudofaa sistemalarini nishonga olishga ruxsat bor.

Muxolifat qo’li ostidagi shaharlarni bombardimon qilayotgan samolyotlarni urib tushirish degani bu.

XS
SM
MD
LG