Breaking News

Falastin davlat qurmoqchi, Isroil “eplay olmaydi” deydi


Kuni-kecha Abbos Turkiyada bo’lib, yangi davlat yaratish strategiyasini muhokama qilgan. Biroq u Qo’shma Shtatlar va Yevropa bilan maslahat qilib ish tutishini alohida eslatib o’tdi
Kuni-kecha Abbos Turkiyada bo’lib, yangi davlat yaratish strategiyasini muhokama qilgan. Biroq u Qo’shma Shtatlar va Yevropa bilan maslahat qilib ish tutishini alohida eslatib o’tdi

Falastin muxtoriyati shu yilning sentabrida BMT Bosh Assambleyasiga murojaat qilib, mustaqillik talab qilish niyatida, lekin Qo’shma Shtatlar bunday yechimga mutlaqo qarshi.

Isroil bilan tinchlik bitimiga kelisha olmayotganidan xunob Falastinning sabri tugab bormoqda.

AQShning BMTdagi elchisi muovini Rozmari Dikarlo nazarida masalani Bosh Assambleyaga oshirishdan naf yo’q.

“Isroilni BMTda yakkalashga qaratilgan bunday ramziy harakatlar mustaqillikka olib kelmaydi. Bir tomonlama qabul qilingan bunday qarorlarni Amerika hozir ham, bunday keyin ham qo’llab-quvvatlamaydi”, - deydi diplomat.

Qo’shma Shtatlar BMT Xavfsizlik Kengashining veto huquqiga ega doimiy besh a’zosidan biri hamda davlatlarni Bosh Assambleyaga tavsiya etuvchi 15 a’zolik kengashga ham kiradi.

Falastin masalani avval 193 davlatni o’z ichiga olgan BMT Bosh Assambleyasi orqali hal qilmoqchi.

Buning uchun uning da’vosini assambleyaning uchdan ikki qismi qo’llab-quvvatlashi kerak. Falastinning umid qilishicha, shundagina Qo’shma Shtatlar veto qo’yishga botina olmaydi.

Lekin diplomat Rozmari Dikarlo nazarida Falastin ahli o’z davlatiga ega bo’lish uchun Isroil bilan til topishishi shart.

Isroil bosib olingan hududlarda yahudiylar uchun posyolkalar qurish rejasidan voz kechmagani bois muzokaralar o’tgan yilning kuzida to’xtab qolgan edi.

Falastin 1967-yilgi urush natijasida tortib olingan yerlar, xususan, Sharqiy Quddus va Iordan daryosining g’arbiy sohilini bo’lajak davlatining bir qismi sifatida ko’radi.

Isroil xalqaro hamjamiyat talablariga quloq tutmas ekan, Falastinga shart qo’yish g’alati, deydi muxtoriyat rasmiysi Riyod Mansur.

“Falastin davlati 1967-yilgi urushdan oldingi chegara asosida barpo etilishi kerak. Xalqaro hamjamiyatdan bizni tan olishingizni so’raymiz”, - deydi Riyod Mansur. “O’z davlatimizga ega bo’lib, jahon hamjamiyati safiga kirishga haqlimiz”, - deydi u.

Lekin Isroilning BMTdagi elchisi Ron Prozor Falastinda rahbarlar tarqoq ekaniga, muxtoriyat so’zi hududga birday o’tmasligiga ishora qiladi.

“XAMAS G’azoda yakkahokim va hech kim bilan hisoblashmaydi”, - deydi u.

Bu orada mintaqada “arab bahori”dan ilhomlangan falastinliklar damba-dam namoyish qilmoqda. Mustaqillik va tinchlikni istagan xalqimiz talabini e’tiborsiz qoldirmang, deydi Falastin elchisi.

Falastin prezidenti Mahmud Abbos qarori qat’iy ekanini bugun yana bir bor ta’kidlagan.

Kuni-kecha Abbos Turkiyada bo’lib, yangi davlat yaratish strategiyasini muhokama qilgan. Biroq u Qo’shma Shtatlar va Yevropa bilan maslahat qilib ish tutishini alohida eslatib o’tdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG