Qo’shma Shtatlar Isroil-Falastin ixtilofi yaqin kelajakda va osuda yo’l bilan hal qilinadi degan umidda. Davlat kotibasi Xillari Klinton so’zlariga ko’ra, Falastin davlati qaror topib, yahudiy yurti bilan yonma-yon yashay oladi.
Klintonning aytishicha, Falastin va Isroil xalqi tinch, bexavotir yashashni istasa, bir-birining dardini tinglashi, muzokara qilishi lozim. Falastin davlatini yaratish masalasiga real qarash kerak, deydi u.
“Falastin xalqi o’z davlatiga ega bo’lishni istaydi. Bu xohish bilan hisoblashish, ularga quloq tutish kerak. Isroil esa xavf-xatardan xoli yashashni ko’zlamoqda. Demak tomonlar murosaga ko’nishi lozim”, - deydi Klinton.
Obama ma’muriyati Iordan daryosining g’arbiy sohilida qurilish ishlarini vaqtincha to’xtatishga undab keladi. Falastin hududni bo’lajak davlati uchun ko’zlaydi va kengayib borayotgan yahudiy mahallalarini bu rejaga xavf deb biladi.
“Bu masalada pozitsiyamiz bir – qurilishni to’xtating”, - deydi Klinton.
Isroil bu yerlarni 1967 yilda bosib olgan. Yahudiy posyolkalari qad ko’tarishda davom etsa, Falastin muzokara qilmoqchi emas.
AQSh Tashqi ishlar vazirasi mojaroni bir kunda yechish mumkin emas albatta, ammo harakat qilishdan to’xtataslik kerak, deydi.
Arab Ligasi vakili Husayn Hasuna Klinton ochiq-oydin gapirmayapti, deydi.
“Tinchlikka to’g’anoq bo’layotgan omil – qurilish ishlari ekanini hamma biladi. Qo’shma Shtatlar mana shunga urg’u berishi, Isroil hukumatining teskari siyosati haqida gapirishi kerak”, deydi Arab Ligasi vakili.
Shirin, muloyim so’zlar yaxshi, lekin dadil qadamlar muhimroq, deydi u.
Tahlilchi Ben Koen nazarida esa qurilish bir masala xolos. “Isroil hukumati murosaga ko’nib, bu loyihani 10 oyga muzlatdi, lekin Falastin ma’muriyati bu qadamni jiddiy qabul qilmadi, nega”? - deb so’raydi u.
Bu orada BMTning Yaqin Sharq bo’yicha vakili Robert Serri g’arbiy sohilda o’nlab binolar qad ko’tarayotganidan tashvishda. Bu loyihalar noqonuniy va Falastin ishonchini yemiradi xolos, deydi u. Qurilish ishlari avvalgidan jadalroq kechayotgani aytiladi. Sabab –Bosh vazir Benyamin Netanyaxu AQSh bosimi ostida proyektlarni yana muzlatishi mumkin degan gap bor.