Breaking News

Arablar BMT kengashida Isroilni qoralovchi rezolyutsiya bilan chiqmoqda


Arablar BMT kengashida Isroilni qoralovchi rezolyutsiya bilan chiqmoqda
Arablar BMT kengashida Isroilni qoralovchi rezolyutsiya bilan chiqmoqda

Iordan daryosining g’arbiy sohilida Isroil harbiylari bir falastinlikni otib o’ldirgan. BIrlashgan Millatlar Tashkilotining bildirishicha, Yaqin Sharq tinchlik muzokaralari joyidan siljimayotgani va Isroil yana qurilishga berilayotgani afsuslanarli hol.

Falastin davlatchiligini ortiq kechiktirib bo’lmaydi deb bong urayotgan BMT rasmiylari ayniqsa Isroilni keskin tanqid qilmoqda.

“G’arbiy sohil, jumladan Quddus sharqidagi bunyodkorlik loyihalari o’rtada qolgan ishonchni ham yemirib bo’ldi”, - deydi BMT rahbarining siyosiy masalalar bo’yicha o’rinborasi Lin Pasko.

“2010 yilning sentyabrida moratoriy nihoyasiga yetganidan beri yahudiylar uchun yangidan-yangi, yuzlab uylar qurila boshlangan”.

BMT Xavfsizlik Kengashining Yaqin Sharqdagi vaziyat bo’yicha muhokamasida Lin Pasko Isroilni yana bir bor qurilishni bas qilishga chaqirdi. Shu bilan birga, bu davlatga qarata otilayotgan raketalarni qoraladi.

Livan G’arbiy sohildagi qurilishni noqonuniy deb qoralovchi rezolyutsiya loyihasi bilan chiqqan. Xabarlarga qaraganda, 120 dan ziyod davlat unga imzo chekishi mumkin.

Biroq AQShning BMTdagi vakili Rozmeri Dikarlo fikricha, Isroil-Falastin o’rtasidagi bahsli masalalar faqatgina muzokara orqali hal etilishi mumkin. “Bunday rezolyutsiyalar vaziyatni chigallashtirishga xizmat qiladi, xolos”, - deydi diplomat.

Obama ma’muriyati tomonlarni yuzma-yuz muzokaraga da’vat etib keladi. Ayni paytda Isroil va Falastinda bunga hech qanday xohish yo’q.

Falastin ma’muriyati vakili Riyod Mansur Xavfsizlik Kengashiga murojaat qilishdan boshqa ilojimiz yo’q, deydi.

Xalqaro hamjamiyat Isroil uy qurayotgan yerlarni, jumladan Sharqiy Quddusni bu davlat hududi deb olmaydi.

XS
SM
MD
LG