Breaking News

Amerika-Falastin muloqoti natijasiz tugadi


Amerika elchisi Deyvid Xeyl, Falastin rahbari Mahmud Abbos
Amerika elchisi Deyvid Xeyl, Falastin rahbari Mahmud Abbos

Amerika diplomatlari bugun Isroil va Falastin rahbariyati bilan ko’rishib, Falastin davlati maqomi borasida gaplashdi.

Ikki haftadan keyin BMT Bosh Assambleyasida aynan bo’lg’usi mamlakat taqdiri muhokama qilinadi.

AQSh diplomatlari Dennis Ross va Deyvid Xeyl Falastin rahbari Mahmud Abbos hamda Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan alohida muzokara qilgan. Abbos bilan suhbat biror natija bermagan va Falastin muxtoriyati qarashlar o'ta farqli ekanini ta'kidlamoqda.

Falastin Isroil bilan hisoblashib o’tirmasdan, sentabr oxirida o’zini davlat deya e’lon qilmoqchi va BMTni bunga ko’ndirmoqchi.

Isroil va o’rtada vositachilik qilishga urinayotgan Amerika bunga qarshi. Obama ma’muriyati Falastinni shashtidan qaytishga chaqirib keladi.

“Birtomonlama qaror ish bermaydi, Falastinni muzokaraga qaytishga chaqiramiz”,- deydi Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu.

Mahmud Abbos fikricha, Isroil Iordan daryosining g’arbiy sohili va Sharqiy Quddusda yahudiy posyolkalari qurishni bas qilmas ekan, muloqotga o’rin yo’q.

“Murosaga rozi bo’lib kelganmiz, lekin Isroilning siyosati bizni BMTga murojaat qilishga majbur qilmoqda”, - deydi Abbos.

Falastin avval BMT Xavfsizlik Kengashi ruxsatini olishi kerak. Lekin Amerika veto huquqini qo’llab, bunga yo’l bermaydi. Natijada Falastin BMT Bosh Assambleyasiga murojaat qiladi va ramziy ma’noda ijozat olishi kutilmoqda.

Falastin rasmiylari nazarida Amerika o’z qarshiligi bilan arab xalqini haqorat qilmoqda. Obama ma’muriyati roziligisiz ham yashay olamiz, deydi ular.

Ayni damda g’arbiy sohilda Falastin ahli namoyish qilmoqda. Isroil bu chiqishlar zo’ravonlikka aylanadi, deya xavotirda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG