Breaking News

Miral: Falastin ayollari taqdirini aks ettiruvchi yangi film


Miral: Falastin ayollari taqdirini aks ettiruvchi yangi film
Miral: Falastin ayollari taqdirini aks ettiruvchi yangi film

Yaqinda jahon ekranlariga chiqqan “Miral” filmi falastinlik adiba Rula Jabroil kitobi asosida ishlangan. Unda to’rt arab ayolining hayoti tasvirlanadi.

Tomoshabin Isroil davlati tashkil topgan 1948 yildan tortib, 1990 yilga qadar bu falastinlik xotin-qizlar, jumladan Miral ismli ayolning taqdirini kuzatadi.

Isroil-Falastin mojarosi haqidagi bu kinoasar rejissyori Julian Shnabel(Schnabel) - yahudiy.

Uzoq yillik ziddiyatga falastinlik juvon ko’zi bilan qaralgani yahudiylar orasida e’tiroz uyg’otgan.

Qahramonlardan biri, Hind al-Husayniy Falastinning ko'zga ko'ringan ziyolilaridan. 1948 yilda Quddusda maktab ochib, regionda avj olgan zo’ravonlikda ota-onasidan ayrilgan qizlarga bosh-pana beradi.

Bosh qahramon Miral - juda jasur qiz. 1980-90 yillarda maktabda o’qib yurgan paytida, Iordan daryosining g’arbiy sohilida falastinlilarning Isroilga qarshi ilk inqilobga guvoh bo’ladi.

Miral namoyishchilarga qo’shilib, Isroil qamog’iga tushadi va panjara ortida rosa qiynashadi.

Bu faktlarga asoslangan hikoya. Ssenariy muallifi Rula Jabroil boshidan kechirgan hodisalar.

“Miral”, deydi u, 1948 yildan beri Isroilning Falastinga qarshi zulmi haqida.

“Bu faqatgina o’tmish haqida emas. Hozir ham ahvol shu. Ayni damda o’zimni Miral deb tasvirlay olmayman, hayotim boshqacha. Lekin o’sha yerda yashayotgan qizlar-ku Miral! O’sha mustabidlik, o’sha zolimlik va irqchilikka chidab yashashga majbur. 1993 yilda tinchlik bitimi tuzilganida umid paydo bo’lgan edi. Lekin o’shani ham yanchib tashlashdi” .

Isroil hukumati filmga munosabat bildirmadi, lekin kartina taqdimot marosimi BMT Bosh Assambleyasida o’tishiga qarshi ekanini ochiq aytdi.

Amerika Yahudiylar Qo’mitasi, Isroilga xayrixoh guruh ham qarshi. Qo’mita rasmiysi Kennet Bandlerning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, film bir-yoqlama, lekin gap undamas.

“Rejissyor Julian Shnabel o’zi ham buni tan oldi, asar bir-yoqlama. Lekin bizning asosiy e’tiborimiz shundaki, “Miral” BMT Bosh Assambleyasida ko’rsatilmasligi kerak. Gap senzurada emas, bemalol boshqa yerlarda, Amerika kinoteatrlarida qo’yaverishsin”,- deydi yahudiy lobbichi.

Nufuzli mukofotlar bilan siylangan Julian Shnabel fikricha bu fikr-mulohazalar yangrashi aniq edi.

“Amerika Ovozi”ga kelib, intervyu bergan rejissyor buni shunday tushuntiradi:

“Filmni suratga olishga kirishiboq, bu xildagi e’tirozlar bo’lishini bilgan edi. Chunki shu paytgacha Qo’shma Shtatlarda yahudiy rejissyor falastinlik qiz va uning qarashlari haqida kino yaratgan emas edi. Menimcha, Amerikadagi yahudiy jamoalar ham, Isroil ahli ham o’tirib gaplashib olishi kerak. Yechimini kutayotgan masala bu”.

Film nafaqat amerikalik yahudiylar orasida, balki Falastin va Isroilda ham shov-shuv ko'targan.

“Chunki hudud beqaror. Bolasini maktabga jo’natgan ona yuragini hovuchlab o’tiradi – qaytadimi, yo’qmi? Balki biror terrochi o’zini portlatib qolar? Biror askar o’zini himoya qilayotgan o’q otsa, to’polonda o’sha o’q bolaga tegsa-chi”? - deydi Julian Shnabel.

Film qahramonlari Falastin jamiyati qanchalik rangba-rang, murakkab ekanini namoyish etadi. Pasifist, jangari, haqiqat istaganlar va yulg’ichlar.

Kartina Osloda 1993 yilda imzolagan, Falastin davlatini yaratishga doir bitim bilan tugaydi.

Hind al-Husayniy Miral bilan gaplashar ekan, qachondir Falastin davlati vujudga kelishiga ishonmaydi.

Rejissyor Shnabel muammolar dolzarb, demak film ham dolzarb, deydi.

“Hamma tomonlarni birday tinglash kerak. Shuning uchun ham boshqa bir tomonning dardi haqida asar yaratdik”,- deydi u.

Ijodkor Yaqin Sharq, xususan Misr va Tunisdagi chiqishlar tinch yo’l bilan yechimini topganini havas bilan tilga oladi.

“Miral” filmi Falastin-Isroil adovati ishtirokchilarini ham o’ziga keltirsa, ne ajab, deydi rejissyor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG