Breaking News

Mahmud Abbos Isroil bilan muzokara ish berishidan shubhada


Falastin prezidenti Mahmud Abbos Isroil bilan shu hafta Vashingtonda rejalangan tinchlik muloqoti barbod bo’lishi mumkin, deydi. Bunda Iordan daryosining g’arbiy sohilida uy-joy qurayotgan yahudiy davlatini ayblang, deydi Abbos. Uzoq tanaffusdan so’ng, AQSh undovi bilan Falastin va Isroil nihoyat joriy hafta yuzma-yuz gaplashadi.

Mahmud Abbos muzokara oldidan bayonot berar ekan, Isroil Falastin xalqiga qarashli hududlarda yahudiylar uchun imorat qurishdan voz kechishi kerak, degan. 1967-yilda olti kunlik urush davomida Isroil bosib olgan yerlar haqida gap ketmoqda.

Qo’shma Shtatlar bosimi ostida Isroil o’tgan yil noyabrida qurilish ishlarini vaqtincha – 10 oyga to’xtatgan, ammo G’arbiy sohil bundan istisno bo’lib qolavergani uchun Falastin muzokaraga qaytmaymiz, deb turib olgan edi.

AQSh diplomati Jorj Mitchell sa’y-harakati bilan Mahmud Abbos va Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu payshanba kuni Vashingtonda yuzma-yuz uchrashishi kutilmoqda. Tomonlar oxirgi marta 2008-yilda ko’rishgan edi.

26-sentabr kuni Isroil qurilish ishlariga qo’ygan moratoriy tugaydi. Netanyaxu hukumati uni uzaytirish niyati yo’qligiga ishora qilmoqda.

Bu galgi muzokara oldidan Falastin va Isroil tinchlik bitimiga g’ov bo’layotgan kelishmovchiliklarni bir yil ichida hal etishga kelishib olgan.

AQShning Yaqin Sharq masalalari bo’yicha elchisi Jorj Mitchell har ikki tomon jiddiy yondashadi, degan umidda. Qo’shma Shtatlar Mahmud Abbosga ham, Bosh vazir Benyamin Netanyaxuga ham birday yordam berishga tayyor, deydi Mitchell.

Prezident Barak Obama chorshanba kuni Vashingtonda Netanyaxu, Abbos, Misr prezidenti Husni Muborak va Iordaniya qiroli Abdulla bilan alohida-alohida gaplashib oladi. Payshanba kuni esa Isroil va Falastin rahbarlari Davlat kotibasi Xillari Klinton bilan uchrashadi.

Tahlilchi Deyvid Makovski bo’lajak Falastin davlatining chegaralari, G’arbiy sohilda xavfsizlik kabi masalalarga oydinik kiritiladi, deb ishonadi. Ammo qochqinlar taqdiri va Quddus maqomi nozik masala. Muhimi, deydi tahlilchi, Isroil va Falastinning muzokaraga ko’ngani. Makovskiyning aytishicha, rahbarlar yuzma-yuz ko’rishmasdan biror to’xtamga kelishi gumon.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG