Breaking News

Isroil va Falastin bir-biriga muzokara shartlarini eslatmoqda


Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu fikricha, falastinliklar bilan tinchlikka erishish oson bo’lmaydi, ammo harakat qilishga arziydi. Muzokaralar deyarli ikki yildan beri to’xtab qolgan edi.

O’tgan hafta AQSh Isroil va Falastin yuzma-yuz muloqotga tayyor deya e’lon qildi. Falastin bilan muzokara, AQSh Davlat kotibasi Xillari Klintonning aytishicha, 2-sentabrda boshlanadi.

"Amerika Ovozi"ning Quddusdagi muxbiri Luiz Ramirezning xabar berishicha, Netanyaxu kecha ilk marta bu haqda og’iz ochgan.

Netanyaxu Isroil maqsadi oydek ravshan deydi. Yahudiy davlati uchun xavfsizlik birinchi o’rinda. Demak, Falastin hech bir jihatdan Isroilga tahdid solmasligi shart, deydi Netanyaxu.

Muzokarada qo’yiladigan talab shuki, Falastin davlati quriladigan bo’lsa, u biror harbiy kuchga ega bo’lmasligi kerak. Shuningdek, bu tuzum Isroilni yahudiy davlat deya tan olishi shart.

Falastin boshqaruvi nazarida esa Netanyaxu muzokaralar oldidan buyruqbozlikka berilib, shundoq ham murakkab masalani yanada chigallashtirmoqda.

Muzokarada, deydi Falastin rasmiysi Soyib Erekat, hech kim hech kimga buyruq bermaydi. “Tomonlar bir-birini tinglab, murosa yo’lini izlaydi. Agar Isroil bosh vaziri muzokara qilmoqchi bo’lsa, shuni bilsinki, yuqoridagi shartlarning birortasida qabul qilinmaydi”,- deydi Erekat.

Falastin, ma’lumki, Isroilni yahudiy davlat sifatida tan olishdan bosh tortib keladi. Chunki, deydi ular, Isroilda millionlab arablar, asl falastinliklar yashaydi. Erekatning tushuntirishicha, yana bir bahsli masala shuki, 1948 yilda Isroil davlati tashkil etilgach mojaro avj olib, katta sonli aholi uy-joyini tark etgan va bu yerlar bosib olingan, arablar vatanga qaytishga haqli.

Falastin prezidenti Mahmud Abbos AQSh rahbari Barak Obamada murojaat qilib, undan Isroilni munozara ostidagi hududlarda yahudiylar uchun uy-joy qurishni bas qilishga undashni so’ramoqda. Aks holda, Falastin muzokara stoliga o’tirmaydi, deydi Abbos.

10 oydirki, Isroil bu qurilishlarni sekinlashtirgan. Lekin sentabr oxiriga borib, tezlashishi mumkin degan xavotir mavjud

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG