Ertaga Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Oq Uyda AQSh prezidenti Barak Obama bilan uchrashadi. Bu Isroil harbiy kuchlari Falastinga ketayotgan yordam kemasiga hujum qilgandan beri birinchi yuzma-yuz muloqot bo’ladi.
Isroil harbiy kuchlarining Falastin yordam kemasini zo’ravonlik bilan to’xtatishi Yaqin Sharq hamda Yevropa mamlakatlarida ko’plab norozilik namoyishlariga sabab bo’ldi.
Kema bosqinida sakkiz nafar Turkiya fuqarosi hamda bir nafar turk millatiga mansub AQSh fuqarosi o’ldirilgan.
AQSh Isroilni keskin tanqid qilmadi, ammo voqea tergov qilinishi kerak deb chiqdi. Bir necha kun oldin Falastin prezidenti Mahmud Abbos Vashingtonga kelib, Obama bilan gaplashdi.
“Barcha faktlarni diqqat bilan o’rganishimiz lozim. G’azodagi vaziyat juda murakkab. Nazarimda, Isroilda ham hozirgi real vaziyat bo’yicha bahslar ketyapti”,- deydi Obama.
AQSh maxsus vakili Jorj Mitchel prezident Obamaning Netanyaxu bilan uchrashuvi oldidan vaziyatni biroz yumshatish uchun Yaqin Sharqqa safar qilib, har ikki tomon bilan muzokara olib borgan.
Yaqin Sharq bo’yicha tahlilchi Shibli Tilamiyning fikricha, inqirozni yumshatishda AQSh prezidentining to’g’ridan to’gri ishtiroki juda muhim.
“Tabiiyki, diplomatiyada konfliktni yechish kutiladi, uni nazorat qilish emas. Vaqt o’tib borayapti. Masalaga shaxsan AQSh prezidentining o’zi aralashishi kerak”,– deydi Tilamiy.
Prezident Obama Isroil–Falastin munosabatlarini yaxshilashni tashqi siyosatdagi muhim vazifa deb biladi. U Isroilning Sharqiy Quddus hamda G’arbiy sohilda yahudiy posyolkalarini kengaytirishiga qarshi. Ayni shu qurilishlar ikki tomon o’rtasidagi munosabatlarning yanada yomonlashishiga sabab bo’lmoqda.
Tahlilchi Daniela Pletka Obamani AQSh-Isroil orasidagi o’ziga xos, mustahkam munosabatlarni buzganlikda ayblaydi.
Falastinliklar ham Amerika bilan murosa qilmay qo’ydi, deydi u, tinchlik muzokaralari biror ijoyib natijadan darak bermayapti.
G’azo Isroil blokadasi ostida, ammo u yerda hamon Xamas jangari harakati hukmron.
“Turkiya muzokaralarda muhim rol o’ynayotgan edi, – deydi tahlilchi Tilamiy. – Turkiya–Isroil munosabatlarining keskinlashishi mintaqadagi strategik ahvolni izdan chiqardi. Isroil hududdagi o’z mavqeiga jiddiy putur yetkazdi”.
Kema bosqinidan so’ng Turkiya Isroildagi elchisini chaqirib oldi. Isroildan halok bo’lganlarning oilalariga tovon puli to’lashni talab qilmoqda.
Turkiya, shuningdek, Isroildan G’azo blokadasini to’xtatishni ham talab qildi. Natijada yahudiy davlati Falastinga mahsulotlar kirishini biroz yengillashtirdi.
Tahlilchilar fikricha, Turkiyaning keskin chaqiriqlari uning Yaqin Sharq siyosatida jiddiy strategik o’zgarishlardan darak beradi.
Prezident Obama Isroil Bosh vaziri Netanyaxu bilan uchrashganida mintaqadagi mana shu chigal masalalar haqida gaplashishi kutilmoqda.