AQShga ko'ra, Isroil va Falastin o'zaro kelishgan holda, Quddus aholisining saylovlarda qatnasha oligishiga yo'l ochishi kerak. Bush rahbariyati Quddusda ovoz berish huquqlari bo’yicha hech bir tomonga bosim o’tkazmayotganini alohida ta’kidlaydi.
Isroil rasmiylari masala yuzasidan turlicha fikrga ega ko’rinadi. Kecha Isroil Mudofaa vaziri Shaul Mofaz sharqiy Quddus aholisi pochtaxonalardan ovoz bersa bo’ladi, degan edi. Lekin Isroil muvaqqat bosh vaziri Yaxud Olmert ma’muriyatiga ko’ra, masala 15 yanvar kuni ko’rib chiqiladi, va Quddusga tegishli har qanday qaror negizida jangari Xamas guruhini saylovlardan chetlashtirish kerakligi yotadi.
AQSh Davlat departamenti vakili Shon Makkormak fikricha, bir qarorga kelishda, ham Isroil xavfsizligini, ham Falastin xalqining saylovda qatnasha olishi kerakligini hisobga olish kerak.
“O’tmishda tomonlar sharqiy Quddus masalasini yechishga muvaffaq bo’lishgan edi. Bu safar ham shu yo’lni tanlash lozim,”- deydi Makkormak.
Isroil rasmiylarini tashvishga solayotgan masala, bu Isroilni tan olmaydigan Xamas guruhining saylovlarda qatnashayotganidir. AQSh bu guruhni terrorchi tashkilot deb belgilagan bo’lsa-da, uning saylovda qatnashishiga qarshi chiqqan emas.
Falastinda parlament saylovlari 25 yanvar kuni o’tadi. Saylov oldidan AQShning ikki yuqori lavozimli rasmiysi mintaqaga safar qiladi, deb xabar beradi Davlat departamentidagi muxbirimiz Deyvid Gollast.