Amerikaning bir necha yahudiy tashkiloti nasroniy va musulmon diniy jamoalari bilan birgalikda Isroil-Falastin nizosini tinch yo’l bilan hal etishga chaqirmoqda.
Nasoro va musulmon diniy guruhlari “Tasdiq jamiyati” deb nomlanuvchi yangi koalitsiya tuzib, mamlakat bo’ylab keng kampaniya boshladi. Maqsad Yaqin Sharqda tinchlik o’rnatish harakatini jadallashtirish.
“Tasdiq jamiyati” ilgari ko’rilmagan yangilik. U “Jey-Strit” guruhi tomonidan tashkillashtirilgan.
Bu guruh Isroil manfaatlariga xizmat qiluvchi tinchlikparvar lobbi bo’lib, Falastin davlatining tuzilishini qo’llab-quvvatlaydi. Koalitsiya uch yahudiy tashkiloti, ikki musulmon jamiyati hamda nasoro cherkovlarini o’z ichiga oladi.
1967-yilgi urushda Isroil egallab olgan Quddus hududida falastinliklarga tegishli uylarning buzib tashlanishi o’zaro ziddiyatlarni yanada kuchaytirdi.
Natijada tinchlik muzokaralari to’xtab qoldi. Falastin hukumati, G’arbiy sohildagi yahudiy posyolkalari qurilishi to’xtatilmas ekan, tinchlik muzokaralariga kirmasligini aytmoqda.
“Jey-Strit” vitse prezidenti Hadar Saskind koatsiyaning maqsadlarini tushuntiradi.
“Nima uchun buni qila olmaymiz, nega tinchlikka erisha olmaymiz, degan gaplarni ko’p eshitamiz. Kongressda, yahudiy jamiyatlarida bu haqda ko’p gapirishadi. Bizning maqsidimiz bu nizoni bartaraf etishda AQSh yetakchilik qilishini qo’llab quvvatlovchilar ko’p ekanini ko’rsatish”, - deydi Hadar Saskind.
Uning aytishiga, amerikalik yahudiylarning 80 foizi muammoni yechishda AQShning faol ishtirok etishini istaydi.
Qo’llab quvvatlovchilar sonini yanada oshirish uchun “Jey-Strit” sinagogalarda tadbirlar o’tkazyapti. Boshqa guruhlar ham o’z jamoalarida shu kabi anjumanlar tashkil etyapti.
“Odamlar “Tasdiq jamiyati”ga qo’shilishlari uchun turli yo’llarni, vositalarni ishga solyapmiz. Amerika rolini, Obamaning nizoni yechishdagi ishtirokini yanada kuchaytirishni qo’llab-quvvatlash va tasdiqlash uchun barchani jamoaga jalb etyapmiz”, - deydi Saskind.
Guruh ishida musulmon tashkilotlari ham faol. Musulmon Jamoat Ishlari Kengashi ulardan biri. Unga Xaris Terayn rahbarlik qiladi.
“Tinchlik istovchilar birga bo’lishi uchun vaqt yetganini aytish maqsadida biz shu yerga yig’ildik. Barcha amerikaliklarni shu maqsadda yo’naltira olamiz deb o’ylayman. Amerika musulmonlari ham shu jarayonning bir qismi bo’lishi kerak”, - deydi Xaris Terayn.
Uning aytishicha, Amerikada musulmonlar tarkibi rang-barang bo’lsa ham, Falastin masalasi barcha uchun birdek ahamiyatli. “Tasdiq jamiyati” AQSh nizoni bartaraf etishga zudlik bilan yordam berishi kerak deb hisoblasa-da, ayrim isroilparast guruhlar bunday tez harakat qilishga qarshi.
Vashingtondagi Yaqin Sharq instituti ijrochi direktori Robert Satlof nazarida, biror xulosaga kelishdan oldin vaziyatni yaxshilab o’rganish lozim.
“Ko’p amerikaliklar nizoda Isroilni birinchi o’rinda ko’rishadi. AQSh hukumati oldidagi asosiy vazifa tinchlik yo’lidagi to’siqlarni bartaraf etish. Shunda Isroil va Falastin tinchlik o’rnatish uchun lozim imkoniyatdan foydalana oladi”.
“Tasdiq jamiyati”ga a’zo tashkilotlar Kongress va Obama ma’muriyatini Isroil va Falastin mojarosini tezroq hal etishga undashda davom etmoqda. Zero, bu haqda Obama o’tgan yili Misrdagi nutqida ham va’da bergan edi.