Birlashgan Millatlar Tashkiloti Isroil va Falastinni zudlik bilan yuzma-yuz muzokaralarni boshlashga chaqirmoqda.
Tashkilot Bosh kotibi muovini Lin Paskoning aytishicha, bir-birini tan oluvchi ikki mustaqil davlatni vujudga keltirish uchun mavjud imkoniyatni boy bermaslik kerak.
Isroil nazarida Yaqin Sharq tuguni vositachilar yordamida yechilmaydi. Tomonlar muzokara stoliga o’tirib, tinchlikka g’ov bo’layotgan barcha mavzular haqida birma-bir gaplashib olishi kerak.
Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxuning taklifi ham shu. “Tarixiy kelishuv imzolash uchun imkoniyat bor, agar har ikki tomon murosa qilishga tayyor bo’lsa”, - deydi Netanyaxu.
Muzokaralarni olg’a surishda Gretsiya o’z yordamini taklif qilmoqda. Gretsiya Bosh vaziri Yorgas Papandreu Quddusda Netanyaxu bilan ushrashgan.
Muloqotdan konkret natija kutayotgan falastinliklar esa avvalo bo’lajak davlatlar chegarasini belgilab olishni talab qilmoqda. Ya’ni Isroildan 1967 yilgi urushgacha bo’lgan chegaralarni tan olishi va Quddusda qurilishni bas qilishi kerak.
Isroilga yuqoridagi shartlarni ko’rib chiqish uchun bir hafta muhlat berilgan. Isroilning javobi 29 iyul kuni Qohirada o’tadigan Arab Ligasi majlisida muhokamaga qo’yiladi.
BMT Bosh kotibi muovini Lin Paskoning aytishicha, tomonlar bir-biriga shart qo’yaversa jarayonni joyidan siljitish qiyin bo’ladi. “Isroil va Falastinni samimiy muloqot boshlashi, ishonch va murosa ruhida ish ko’rishi lozim”, - deydi u.
Qo’shma Shtatlar elchilari so’nggi bir oy mobaynida Quddus va Ramallohga qatnab, tafovutlarni qisman bartaraf etishga muvaffaq bo’ldik demoqda. Biroq falastinliklar bu qarashdan yiroq.
BMT Xavfsizlik Kengashining Yaqin Sharq bo’yicha majlisida so’zlagan Falastin diplomati Riyod Mansur Isroilni va’dabozlikda ayblagan.
“Yahudiy davlatining gaplari va ishlari o’rtasida farq juda katta. Doimo tinchlik istaymiz deb jar solishadi, lekin amaldagi ishlar maqsadga tamoman zid”, - deydi Mansur.
Xavfsizlik Kengashi yig’ilishida Isroil G’azo sektoriga keti uzilmayotgan gumanitar kemalar mavzusini ko’targan.
“So’nggi ma’lumotlarga ko’ra Livandan G’azo tomon yana bir kema yo’lga chiqish arafasida. Xalqaro jamoatchilikdan bu provokatsiyaga chek qo’yishni, Livan hukumatidan esa mas’uliyatli bo’lishni so’raymiz”, - dedi Isroil diplomati Gabriela Shalev.