Prezident Barak Obama va Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu yaqinda Oq Uyda uchrashib, Eron yadro dasturini muhokama qildi. Yaqin Sharq tinchlik jarayoni masalasi kun tartibidan o’rin olmadi.
Bir yildan beri to’xtab qolgan muzokaralar oldinga siljishi uchun avvalo Quddus maqomini belgilab olmoq zarur.
G’arbiy Quddusni Isroil 1948-yilgi urushda qo’lga kiritgan. Ziyoratgohlar joylashgan Sharqiy Quddusni esa yahudiy davlati 1967-yilgi urushda Iordaniyadan tortib oladi. Xalqaro qonunlarga muvofiq bu yer bosib olingan hudud hisoblanadi.
Ammo Isroil bunga xilof ravishda Quddusni o’z poytaxti deb e’lon qilgan va shaharni butunligicha o’ziniki deb biladi. Falastinliklar esa Sharqiy Quddusni bo’lajak poytaxti uchun mo’ljallab qo’ygan.
Quddusda biror xorijiy elchixonani uchratmaysiz, hammasi Tel-Aviv shahrida. Xalqaro hamjamiyat Sharqiy Quddus Isroil tasarrufiga o’tganini hech qachon tan olmagan. AQSh nazarida bu Isroil va Falastin bir davrada o’tirib hal qiladigan masala.
Respublikachi nomzod Nyut Gingrich prezident bo’lsam birinchi kundayoq AQSh elchixonasini Quddusga ko’chirish haqida qaror beraman, deya jar soladi.
AQShning BMTdagi sobiq elchisi Jon Bolton nazarida bu tashabbusda jon bor. “Albatta, Isroil hukumati bilan oldindan maslahatlashib olish kerak bo’ladi. Elchixona poytaxt shaharda joylashishi kerak”, - deydi u.
Nyu-York Universitetida Yaqin Sharq masalalari bo’yicha ekspert Alon Ben-Mayer deydiki, Nyut Gingrichning maqsadi oydek ravshan, ya’ni Amerika yahudiylarini o’z tomoniga og’dirish.
“Oq Uyga saylangandan keyin elchixonani Quddusga ko’chiramiz degan va’dalar esdan chiqadi. Ilgari ham prezident bo’laman degan siyosatchilardan shunday gaplarni eshitganmiz, jumladan Jorj Bush va Bill Klintondan, lekin qilishmagan. Chunki bilishadiki, qandaydir ramziy sabablarga ko’ra arab dunyosini ranjitish AQSh manfaatlariga to’g’ri kelmaydi”, - deydi siyosatshunos. Tahlilchi Favaz Gerges ta’biricha, Quddusda elchixona ochadigan bo’lsa, AQShning musulmon dunyosi bilan munosabatlari ostin-ustun bo’lib ketishi turgan gap. Quddus, deydi u, nafaqat yahudiylar balki musulmon va nasroniylarda ham “muqaddas shahar” hisoblanishini unutmaslik kerak.
“Aksincha”, - deydi Gerges, “Isroil va Falastin tinchlik bitimiga erishmaguncha Qo’shma Shtatlar diplomatik idorasini Quddusga ko’chirish haqida o’ylamasin”.
“Muammoni shaharni ikkiga bo’lib hal qilsa bo’ladi. Quddus sharqi Falastinga, g’arbiy hududlar esa Isroilga”.
“Amerika Ovozi” bilan gaplashgan ekspertlar bu yili Yaqin Sharq tinchlik muzokaralarida biror o’zgarish kutmayapti. AQShda prezident saylovlari o’tib bo’lganidan keyin bu mavzuga qaytish mumkin.