Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu AQSh Kongressida so’zlar ekan, Falastin bilan murosa yo’lida “mushkul masalalarda yon berishga” tayyormiz, dedi. "Evaziga tinch-totuv yashaylik", - dedi u.
Xayrixoh kongressmen va senatorlarga murojaat qilar ekan, Netanyaxu AQSh Isroilning eng sodiq do’sti, dedi.
“Notinch Yaqin Sharqda Isroil sizning yagona ishonch tog’ingiz. Rahbarlari beqaror mintaqada Isroil AQShning asl hamkori”, - deydi u.
Qo’shma Shtatlarda ta’lim olgan vazir deydiki, tinchlikka falastinliklarning o’zi to’g’anoq bo’lmoqda.
“Falastin davlati paydo bo'lishiga mana men tayyor. Buni avval ham aytganman”, - deydi Benyamin Netanyaxu. “Lekin Mahmud Abbos ham Isroil davlatini tan olishi kerak”, - deydi u.
Falastin davlatini barpo etish jarayonida chegaralar qayta chizilishi aniq. Shunda Iordan daryosining g’arbiy sohilida qad ko’targan ayrim yahudiy mahallalar Falastin tarkibiga kirishi mumkin, deydi u.
Respublikachilar taklifi bilan Amerikaga kelgan Isroil rasmiysi Kongressda, har ikki palata vakillari oldida bot-bot qarsaklar sadosi ostida so’zladi. Qonunchiyu senatorlar Netanyaxuni bir necha bor tik turib olqishladi.
“Isroil tinch va osuda yashashni xohlaydi”, - deydi vazir. “Biroq Isroilning amaldagi chegaralariga tegish yo’q”, - deydi u.
Biroq Netanyaxu “1967 yildan oldin tortilgan chegaralarga qaytish yo’q” dedi. Sharqiy Quddusni ham hech kim bilan bo’lishmoqchi emas. Yana bir talab shuki, Falastin rahbari Mahmud Abbos radikal XAMAS guruhi bilan aloqani uzishi kerak.
“Terrorchi va ektremistlar bilan gaplashish niyatimiz yo’q”, - deydi u.
Shartlari bajarilsa, Isroil Iordan daryosining g’arbiy sohilidagi ayrim hududlar bahridan o’tishga rozi.
O’tgan oy Abbosning FATH partiyasi uzoq yillik raqibi, G’azo sektorida hukmron, Isroilga qarshi kayfiyati bilan tanilgan XAMAS guruhi bilan sulh imzolagan edi.
Bu nutq Falastin ahlining xafsalasini pir qilgan. Mahmud Abbos “bunaqa qoldiq va ehson kerakmas”, - deya javob qiladi.
Gap xususan 1967 yilda o’tkazilgan chiziq haqida ketmoqda. O’sha yilning yozi, 5-10 iyun kunlari Isroil qo’shni Misr, Iordaniya va Suriya bilan urush qilib, g’alaba qozonadi. Hujumni Isroil tomoni kutilmaganda boshlagan va raqiblarini tezda yenggan.
Yahudiy davlati Misrdan G’azo sektori, Iordaniyadan g’arbiy sohil va Sharqiy Quddusni, Suriyadan esa G’olan tepaligini tortib olgan. Isroil harakati agressiyami yoki ehtiyot chora – bu haqda fikrlar haligacha tarqoq.
Netanyaxu bu urushdan keyin tortilgan chegaralar muqaddas, ularga tegmang, deydi.
1948 yilda Isroil davlati barpo etilgandan keyin bu hududda yashovchi millionlab falastinliklar isyon ko’targan, mustaqillik talab qilgan. Ko’pi Isroildan bosh olib ketib, bor-butidan ayrilgan. Bu oilalar va ularning avlodlari eski vataniga qaytishdan umidvor.
Biroq Netanyaxu “bu insonlarga Isroilda joy yo’q” deydi.
Falastin ahli bo’lajak davlati uchun Sharqiy Quddusni poytaxt deb ko’radi. Lekin Isroil muqaddas shaharni hech kim bilan baham ko’rmoqchi emas.
Uning aytishicha, Isroil terroristlar bilan muzokara qilib o’tirmaydi. Netanyaxu Falastin prezidenti Mahmud Abbosni radikal kayfiyatdagi, Isroilni dushman deb biluvchi Xamas guruhi bilan sulhni bekor qilishga undadi.
Falastin rasmiysi Nabil Shaat nazarida Netanyaxuning nutqi urush ochish bilan teng.
AQSh Kongressi Isroilni har jihatdan qo’llab-quvvatlab keladi. Biroq prezident Barak Obama bo’lg’usi Falastin davlatini yaratish va yerlarni adolatli taqsimlash haqida gapirganida yahudiy davlati vahimaga tushib qolgan edi.
Obama musulmon dunyosi bilan muomala qilar ekan, obro’si qaysidir ma’noda arab-Isroil mojarosiga yechim topish-topmasligiga bog’liq. Hozircha tomonlarni muzokara stoliga qaytarishning iloji bo’lmayapti. Falastin talabi shuki, Isroil talash hududlarda yahudiylar uchun binolar qurishni bas qilsin. Aks holda arablar muloqotga qaytmaydi.
Falastin tomoni bo’lg’usi davlati masalasini shu yilning sentabrida BMT Bosh Assambleyasi muhokamasiga olib chiqmoqchi. Xalqaro tashkilot “xo’p” deya javob bersa, davlat paydo bo’lmas, lekin xalqaro sahnada Isroilning ahvoli yanada og’irlashadi.
Qo’shma Shtatlar ham masala bir tomon roziligi bilan hal qilinishiga qarshi.