Breaking News

Isroil: Aholiga ko'payma deb buyura olmaymiz


AQSh va Isroil Yaqin Sharq tinchligi, Isroil-Falastin mojarosi yechimi haqida bir to’xtamga kela olmayapti.

Amerika Davlat kotibasi Xillari Klinton Vashingtonda Isroil Tashqi ishlar vaziri Avidgor Liberman bilan uchrashgan.

Obama ma’muriyati nazarida Isroil Iordan daryosining g’arbiy sohilida qurilish ishlarini bas qilsa, murosa qilish oson bo’ladi.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu o’tgan hafta qilgan nutqida tinch va osuda, quroldan xoli Falastin davlatini yaratish tarafdoriman, dedi.

AQSh bu bayonotni olqishlamoqda. Ammo g’arbiy sohildagi yahudiy aholi punktlari masalasida tomonlar har xil fikrda.

Obama Isroildan tekshiruv punktlarini olib tashlashni, yangi imoratlar qurmaslikni so’ramoqda. Isroil Tashqi ishlar vaziri Avidgor Liberman “aholi o’sishi tabiiy, bunga to’sqinlik qila olmaymiz”, deydi.

“Odamlar oila quradi, farzand ko’radi, katta oilaga ko’proq joy kerak. Ularga ko’paymang, deb buyura olmaymiz,” - deydi Liberman. Bosh vazir Benyamin Netanyaxu ham shu fikrda.

Falastinliklar g’arbiy sohilda bo’lajak Falastin davlati yaratishni istaydi.

Bush ma’muriyati davrida erishilgan kelishuvga ko’ra, deydi Liberman, sohildagi aholi punktlari kengayishi mumkin. Falastin davlati barpo etilsa ham, bu hudud Isroil tasarrufida qolishi kerak, deydi u. Sobiq rasmiylar bilan gaplashib, so’rab-surishtirgan Davlat kotibasi Xillari Klinton bunday bitim bo’lgan emas, deydi.

Qo’shma Shtatlar Isroilni qo’llab-quvvatlab kelgan, bundan keyin ham shunday bo’lib qoladi, deydi Klinton. Biroq qurilish ishlari tugatilishi kerak. Yaqin Sharq tinchligi, Isroilga qo’shni Falastin davlati barpo etilishi uchun bu muhim.

Isroil hukumati Falastin bilan bevosita muloqotga tayyor ekanini aytmoqda.

XS
SM
MD
LG