Breaking News

Isroil tinchlik muzokaralarini jonlantirmoqchi


Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu shu hafta Qohirada bo'lib, Misrdan Falastin rahbari Mahmud Abbos bilan oliy darajada uchrashuv uyushtirishni so'ragan.

Isroil Tashqi ishlar vaziri muovini Denni Ayalonning aytishicha, Netanyaxu hukumati muzlab qolgan tinchlik muzokaralarini jonlantirmoqchi.

"9 oy burun hukumatimiz tuzilganidan beri falastinliklarni muloqot qilishga, muzokaralarni hech bir shartsiz davom ettirishga chaqirib kelganmiz", - deydi u.

Falastinliklarning sharti shundan iboratki, Isroil G'arbiy Sohil va Sharqiy Quddusda yahudiylar uchun uylar qurilishini butunlay to'xtatishi lozim. Isroilning qurilishlarni qisman to'xtatish taklifi rad etilgan.

Falastin vaziri Hasan Hatibning aytishicha, tinchlik muzokaralarini jonlantirish bilan bir qatorda Isroil yahudiy posyolkalarini kengaytirishda davom etaversa, muzokaralardan foyda bo'lmaydi.

Shunga qaramay har ikki tomon murosa qilishga harakat qilmoqda. Kelasi hafta muxtoriyat prezidenti Mahmud Abbos Misrda Netanyaxu bilan muzokaralar shaklini muhokama qiladi. AQShning Yaqin Sharq bo'yicha maxsus vakili Jorj Mitchell esa bir necha kundan so'ng mintaqada bo'ladi.

Isroil va Falastin rahbarlari turg'unlikdan chiqishga harakat qilayotgan bir paytda kecha Isroil samolyotlari G'azo Sektoriga bir necha raketa otgan. 4 kishi, jumladan yosh bolaning jarohat olgani aytilmoqda. Xamas jangarilari ham G'azodan turib Isroil janubini snaryadlardan o'qqa tutgan.

XS
SM
MD
LG