Breaking News

Netanyaxu Falastinni tan olmoqda, ammo shartlar bilan


Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxuning aytishicha, u Falastin davlatining yaratilishiga rozi, ammo uning armiyasi bo'lmasligi va Isroilni yahudiylar davlati sifatida tan olishi lozim. Netanyaxu ilk bor Falastin davlatchiligini tan olishini aytgan bo'lsada, uning bunday shartlar qo'yishi Falastin rahbariyati tomonidan keskin tanqidga uchragan.

Isroil bosh vaziri bu haqda Tel-Aviv yaqinidagi Bar Ilan universitetida so'zlagan. Shu paytgacha Netanyaxu mustaqil Falastin davlati g'oyasiga qarshi edi, ammo AQSh prezidenti Isroilga bosim qo'ygach, fikrini o'zgartirishga majbur bo'lgan.

Biz muzokaralarga tayyormiz, deydi u.

"Biroq," deydi Netanyaxu, "har qanday tinchlik bitimida Falastin nazorati ostidagi hududlar qurosizlantirilishi kerak. Uning havo hududini esa Isroil aviatsiyasi nazorat etadi."

Mana shu shartlar qabul qilinsagina, Isroil tinchlik bitimini imzolaydi, deydi u.

Isroil bosh vazirining nutqi Falastin prezident Mahmud Abbos tanqidiga uchradi. Falastin bunday shartlarga ko'nmaydi, deydi Abbos.

Falastinlik qonunchi Hanan Ashrafiyning aytishicha, Netanyaxuning nutqi va taklifi tinchlik jarayoniga hech qanday hissa qo'shgani yo'q.

"Uning shartlarini qabul qilish bilan sionist mafkurasini tan olishga majbur bo'lamiz. Yerimiz, tariximiz, kelajagimizdan o'zimizni ayirgan bo'lamiz. Netanyaxu Falastinni davlat sifatida tan olishga tayyoru, ammo davlatchilik elementlari bo'lmish, suverenitet, o'z hududini himoya qilish huquqidan mahrum qilmoqchi," deydi Ashrafiy.

Bu eski siyosatning yangicha shakli xolos, deydi u.

Shunga qaramay ba'zilar Netanyaxu nutqini tinchlik jarayonidagi olg'a qadam deb baholamoqda.

XS
SM
MD
LG