Isroil Xamas jangari guruhining G’azo sektoridagi inshootlariga hujum qilib, qariyb 200 kishini o’ldirgan. Falastinlik shifokorlarga ko’ra yaradorlar soni 200 dan oshiq.
Havo hujumidan o’lganlar orasida sektor politsiya rahbari Tofiq Jabbor ham bor.
Isroil Xamas a’zolarini nishonga olganini tan olib, harbiy operatsiyani kengaytirish haqida ogohlantirgan.
Kuni-kecha Isroil Tashqi ishlar vazirasi Tsipi Livni hujumlardan sabr kosasi to’lganini ta’kidlagan edi.
Xamas tashkiloti qasos olishini aytib, Isroil janubiga raketalar otgan.
Bir kishi o’lgani ma’lum. O’tgan hafta Isroil-Xamas o’rtasidagi 6 oylik sulh bitimi yakuniga yetgan edi.
Falastin prezidenti Mahmud Abbos Isroil havo hujumini qoralab, har ikki tomonni bosiqlikka da’vat etmoqda. Rossiya Isroildan operatsiyani to’xtatishni so’ragan. Misr jabr ko’rganlarga ko’mak ko’rsatish uchun G’azo bilan chegarasini vaqtincha ochishga rozilik bergan.
Zo’ravonlikka qaramay, Isroil kecha Ga’zo sektoriga oziq-ovqat va dori-darmon ortilgan 90 yuk mashinasi jo’natgan.
Chegara tinchlik sulhi tugaganidan beri yopiq. Uni ochib qo’yishni talab qilayotgan Xamas bir hafta davomida Isroilni bombardimon qilgan.
Al-Arabiya televideniyesi bilan suhbatda, Isroil Bosh vaziri Yaxud Olmert mamlakat armiyasi kerak bo’lsa G’azoni bosib olishga qodir degan.
“Xamas hujumlarini bas qilmasa, qaqshatqich zarba berishga majbur bo’lamiz. Isroil qon to’kishni istamaydi”, - deydi Olmert.
Xamas so’zlovchisi Isroil Radvan fikricha esa yahudiy davlati G’azoni bosib olishga jur’at eta olmaydi. Uning aytishicha, sektorda jonini fido qilishga tayyor suiqasd hujumchilar Isroil harbiylariga jiddiy talofat yetkazishga qodir.
Isroil-Xamas o’rtasida vositachilik qilayotgan Misr tomonlarni yangi tinchlik bitimi imzolashga chaqirgan.