Breaking News

AQSh G'azoga qo'shimcha 20 million dollar yordam ajratmoqda


Xamas jangarilari bugun Isroilga qarata raketa otgan, qurbonlar yo’q. O’rtada ikki hafta ilgari sulh imzolangan edi.

Xamas unga amal qilmasa, harbiy chora ko’rishga majbur bo’lamiz, deydi Isroil rasmiylari.

Barak Obamaning Yaqin Sharq masalalari bo’yicha maxsus vakili Jorj Mitchell ayni paytda mintaqa bo’ylab safarini davom ettiryapti. Uning xulosa qilishicha, tinchlikni tiklash oson bo’lmaydi.

Bu lavozimga yaqinda tayinlangan Jorj Mitchell Misr, Isroil va Falastin rahbarlari bilan yuzma-yuz muloqot qilgan. Barak Obama ma’muriyati Yaqin Sharqqa nisbatan siyosatini belgilab olar ekan, Mitchellning vazifasi vaziyatni o’rganib, xulosalarini prezidentga yetkazish.

“G’azodagi zo’ravonlik, Isroil-Xamas o’rtasidagi mojaro tinchlik jarayoni naqadar murakkab ekani va oldinda jiddiy vazifalar turganini ko’rsatmoqda”, - deydi AQSh diplomati. U Isroildan G’azo chegaralarini ochishni so’ragan.

Hozirda sektor aholisi oz bo’lsada yordam olmoqda, biroq 22 kun davom etgan urushda vayronaga aylangan shaharlarni tiklash uchun qurilish materiallarini olib kirishga ruxsat yo’q.

Isroilning talabi shuki, 2006 yilda Xamas tomonidan o’g’irlangan askari Gilad Shalit ozod etishili kerak. Xamas uni mahbuslarga ayirboshlash niyatida.

Quddusda so’zlar ekan, AQSh diplomati Jorj Mitchell Qo’shma Shtatlar G’azoga qo’shimcha 20 million dollarga teng yordam ajratishini e’lon qildi. O’tgan yilning dekabr oyida urush boshlanganidan beri AQSh G’azoga jami 60 million dollar va’da qilgan.

Misr yaqin orada G’azoni tiklashga oid xalqaro anjuman o’tkazishni ko’zlamoqda.

XS
SM
MD
LG