Breaking News

Siyosiy arboblar Yaqin Sharq bo'yicha Oq uyga tavsiya bermoqda


Barak Obama ma'muriyati Afg'onistonni Tolibon va al-Qoidadan tozalash bilan birga tashqi siyosatda Yaqin Sharqda tinchlik o'rnatishni ham ustuvor yo'nalishlardan deb belgilagan. Ushbu munosabat bilan prezident Obama yaqinda Vashingtonda Misr rahbari Husni Muborak bilan uchrashib, fikr almashgan.

AQShdagi ba'zi mustaqil guruhlar ham Oq Uyga arab-Isroil mojarosini hal qilish bo'yicha taklif va tavsiyalar bermoqda. Ular orasida sobiq prezident Jimmi Karter yetakchiligidagi guruh ham bor. Uning a'zolari o'z qarash va takliflarini 20 daqiqalik hujjatli filmda aks ettirgan. Kartina "Tinchlik uchun yangi umid" deb nomlanadi.

Guruhga Jimmi Karterdan tashqari sobiq davlat kotibi Jeyms Beyker va sobiq davlat xavfsizlik maslahatchilari general Brent Skoukroft va Zbignev Bjezinskiylar kiradi. Ularning barchasi ushbu filmda AQSh hukumati Yaqin Sharq borasida qanday siyosat yuritishi kerakligi haqida o'z fikrlarini bildiradi. Ularga ko'ra, Isroil-arab mojarosini yechish uchun Qo'shma Shtatlar avval Isroil-Falastin o'rtasida tinchlik bitimini o'rnatishda faol vositachilik qilishi kerak.

Film Vashingtondagi Yaqin Sharq tinchligi jamg'armasi tomonidan yaratilgan bo'lib, uning prezidenti, sobiq elchi Filip Uilkoks nazarida arboblar yaxshi argumentlar taqdim etgan.

"Muzokara qilayotgan tomonlar o'rtasida muvozanat yo'q. Isroil Falastindan ancha kuchli. Xavfsizlik, hududiy va tinchlik masalalariga kelganda har ikkisining siyosiy tizimi pand beradi. Uchinchi tomon vositachilik qilmas ekan, tinchlik hech qachon hukm surmaydi. Arboblar filmda AQSh prezidentini faolroq siyosatga chaqirgan," deydi Uilkoks.

Uning aytishicha, prezident Obamaning so'nggi paytdagi bayonotlari va arab dunyosiga murojaatlari uning mintaqa bo'yicha yangi tashabbuslaridan nishonadir.

Sobiq davlat kotibi Jeyms Beyker nazarida Qo'shma Shtatlar o'z siyosatini 1991 yili Madriddagi tinchlik anjumanida erishilgan bitimga asoslashi lozim.

"Unda yonma-yon yashovchi ikkita mustaqil davlat xususida gap ketgan. Unga ko'ra, Quddus atrofida qurilgan yahudiy posyolkalari o'z o'rnida qoladi. Falastinliklarga boshqa joydan shuncha yer beriladi," deydi Beyker.

Iste'fodagi general Brent Skoukroftning aytishicha, bunga faqatgina AQSh vositachiligida kelishish mumkin xolos.

"Prezident o'z reja-tashabbuslarida qat'iyatliroq bo'lishi kerak. Shunda Falastin va Isroil rahbarlari o'z jamoatchiligiga "biz bunday bo'lishini istamagan edik, biroq AQSh bizni shunga majbur qildi" deb qutulib qolishi mumkin."

Yaqin Sharq tinchligi yo'lida 70-yillardan beri harakat qilayotgan sobiq prezident Jimmi Karter Obama ma'muriyati Isroildan munozarali hududlarda ortiq posyolkalar qurmaslikni qattiq talab qilayotganidan mamnun. Bu kabi qurilishlar tinchlik jarayoniga putur yetkazmoqda, deydi u.

"Prezident Obama mintaqa rahbarlari bilan uchrashuvda Isroil xavfsizligi, Falastinda ochiq va erkin saylovlar natijasida saylangan yagona hukumat va Misr bilan hamkorlikka jiddiy urg'u berishi kerak," deydi Karter.

Davlat xavfsizlik kengashining sobiq rahbari Zbignev Bjezinskiy fikricha, prezident Obamaning o'zi ham tinchlik jarayonida bevosita ishtirok etishi zarur.

"Muzokara qilayotgan tomonlarning hech biri murosa qilishga tayyor emas. Shu sabab konstruktiv, xolisona va g'ayrat bilan ish ko'ra oladigan vositachini taklif etish kerak. Ushbu talablarga javob beruvchi yolg'iz bir nomzod bor, u ham bo'lsa, Qo'shma Shtatlar, aniqrog'i AQSh prezidenti," deydi Bjezinskiy.

Yaqin Sharq tinchlik jarayoniga bag'ishlangan film yakunida to'rt arbob prezident Obamani arab-Isroil mojarosiga yechim topa oladigan tarixiy shaxs deya tan oladi. Film tushirilgan DVD disklar Oq uy, Davlat departamenti va Kongressdagi har bir qonunchiga tarqatilgan, deydi uning ijodkorlari.

XS
SM
MD
LG