Breaking News

BMT Isroil va Falastinni xalqni ezayotganlikda ayblamoqda


Isroil va Xamas o'rtasidagi urushdan ikki hafta o'tib, G'azo yana alanga ichida. Xamas Isroil janubini, Isroil esa bu harakat a'zolarini nishonga olmoqda. Bugun Ashkelon shahriga raketa otilgan, hech kim jarohat olmagan.

Xamas yetakchilari Isroildan G'azo bilan cheragani ochishni talab qilmoqda. Aks holda, deydi ular, yahudiy davlati sulh haqida unutishi kerak.

Isroil G'azo sektoriga cheklangan miqdorda insonparvarlik yordami kiritmoqda. Chegara punktlarida nazorat kuchli.

Falastinliklar "shundoq ham og'ir turmushimiz bugun yanada cheklab qo'yilgan" deya shikoyat qilmoqda.

BMT Isroil va Xamasni buzg'unchilikda, xalqni ikki tomonlama ezayotganlikda ayblamoqda.

"Insonparvarlik yordami ko'rsatilishi uchun Isroil va Xamasdan uch narsa talab qilamiz", deydi BMTning bu masala bo'yicha bosh rasmiysi Jon Xolms.

"Birinchidan, o'zaro hujumlar bas qilinsin. Ikkinchidan, chegara punktlari ochilib, yordam vaqtida yetkazilishi ta'minlansin. Uchinchidan, bizning ishimizga aralashishmasin. Turli partiyalar bizning faoliyatimizga bosh suqmasin",- deydi BMT vakili.

"BMT Isroil va Falastin hukumati bilan hamkorlikda ish tutishni istaydi. G'azoni boshqarayotgan tomonlar bilan ham ishlashga majburmiz, lekin asosiy maqsad non va tibbiy ko'makka zor odamlarga yordam qo'lini cho'zish",- deya ta'kidlaydi Jon Xolms.

Ayrim manbalarga ko'ra, G'azoga borgan yordam Xamas a'zolari tomonidan yashirib qo'yilmoqda.

BMT rasmiysining aytishicha, Isroil qurilish materiallari o'g'rilanib, unga qarshi hujumlar qilish uchun ishlatiladi deya xavotirda. Masalan tsement va trubalar bunkerlar qurish uchun qo'l kelishi mumkin.

Shu sabab ham, deydi Jon Xolms, Isroil chegaradan o'tayotgan mollarning tegishli joylarga yetkazilishini ta'minlash uchun sharoit yaratishi kerak.

"G'azo bugun vayrona bir joy",- deydi BMT rasmiysi. "Odamlar ham jismonan, ham ruhan tushkunlikda. Ularning eng oddiy talablarini qondirish ham qiyinlashgan. Isroil va Xamas orasidagi tinimsiz urush adovatdan toygan xalqni yanada ezmoqda".

XS
SM
MD
LG