Breaking News

Yaqin Sharqdagi tashabbuslar muhokamasi davom etyapti


Prezident Barak Obamaning aytishicha, vaqtni boy bermay Yaqin Sharqda tinchlikka erishish yo’lida aniq qadamlar tashlash, jarayonni tezlashtirish zarur. Obama Germaniyaning Drezden shahrida kansler Angela Merkel bilan muloqot qilgan.

Qohirada qilgan nutqida Obama Amerika va jahon musulmonlari orasida o’zaro manfaat va hurmatga asoslangan aloqalarni yo’lga qo’yishga chaqirdi. Tinchlik haqida o’ylaylik, xususan Isroil-Falastin mojarosiga barham beraylik demoqda. “Haqiqat shuki har bir tomon murosaga borishi kerak bo’ladi”, - deydi u.

Necha yildan beri boshi berk ko’chaga kirib qolgan bu jarayon oldinga siljishi uchun qanday asos bor deb so’ralganda, yil boshidan beri qilingan ishlarni aytib o’tdi.

“AQSh yangi ma’muriyati besh oy mobaynida har tomonni muzokaraga jalb qilib, masalaga jiddiy yondashayotganini namoyish etdi. Vashington Isroil va falastinliklarga o’rtadagi tushunmovchiliklarni yengishga ko’maklashadi”, - deydi Obama. Uning maxsus elchisi Jorj Mitchell mintaqaga otlanmoqda.

Germaniya kansleri Angela Merkel ham, Obama qatorida, Falastin davlati barpo etilishi kerak degan.

Shu kunlarda Ikkinchi Jahon urushida burilish yasagan voqealar, AQSh qo’shinlari Normandiya orqali Yevropa sarhadlariga qadam qo’ygan kun yodga olinmoqda. AQSh rahbari urush mobaynida minglab yahudiylar qirg’inga uchragan Buxenvald konsentrasion lagerini ziyorat qildi.

Obama Eron rahbari Mahmud Ahmadinejod ham natsistlar davridan qolgan lagerlarni kelib ko’rsin, ziyorat qilsin deydi. Ahmadinejod 6 million yahudiy qirilganiga shubha bildirib, xolokost – yolg’on, deb keladi. Obama esa “tarixni rad etgan insonlarga toqat qilishim qiyin”, deydi.

XS
SM
MD
LG