Breaking News

Obama qasamyod nutqida dunyo ahliga murojaat qildi


Bu yil 48 yoshni qarshilaydigan afro-amerikalik Barak Husayn Obama xalq oldida davlatni vijdonan va adolatli ravishda boshqarishga ont ichdi.

AQSh tarixida yangi sahifa ochilarkan, bu yurt va butun dunyo Obama bilan oldinga siljishga, azaliy muammolardan voqif bo'lishga urinayotgandek.

Yangi avlod va zamon vakili, tub o'zgarishlar va'da qilib, yuksak lavozimga loyiq topilgan Obama "zimmamga ulkan vazifalar topshirilayotganini, xalqim va jahon ahli menga ishonch bildirayotganini bilaman" deydi:

"Qarshingizda bosh egaman. Ishonchingizdan toabad minnatdorman. Ajdodlarimiz ruhi bizni quvvatlayotganini sezib turibman".

"Bizni bir joyga yig'adigan narsa bu qo'rqinch emas umid, nizo emas birdamlik", - deydi Qo'shma shtatlarning 44- rahbari.

Obama Kapitoliy, AQSh qonunchilik organi Kongress joy olgan azim imorat oldida yig'ilgan ikki million amerikalik va jahon ekranlarida uni tomosha qilgan milliardlab insonlarga bejiz bunday murojaat bilan chiqqani yo'q.

Global maydonda iqtisodiy inqiroz avj olar, Isroil-Falastin mojarosi murakkab tusga kirar, Iroq va Afg'oniston ham beqarorlashar ekan, xalqaro hamjamiyat, qolaversa siyosatdonlar aybdor deb Amerikani ko'rsatadi.

Obama avvalo Amerika ruhini ko'tarmoqchi:

"Bugun har bir amerikalik o'zi, vatani va dunyo oldida qanday burchga ega ekani haqida o'ylashi kerak. Farovonlikni e'zozlash har birimizning majburiyatimiz".

"Fuqarolik ham erkinlik, ham mas'uliyat. Amerika bu ikki narsani birdek qadrlagani uchun ham mana men bugun oldingizda eng buyuk qasamyodni keltirib turibman".

"Vaholanki otam balki bundan 60 yil avval bu mamlakat restoranlarida qora ekani uchun non yeyolmas edi",- deydi prezident.

Obama, Amerika tinchlik posboni bo'lishda, demokratiyani targ'ib qilishda va inson manfaatlari yo'lida ter to'kishda davom etadi, deydi.

Musulmon dunyosiga esa Obamaning so'zi bu:

"Urush urug'ini sochishga urinayotgan yoki o'z jamiyatidagi muammolarda G'arbni ayblaydigan rahbarlarga shuni aytamanki, xalqingiz sizni nimaga vayron qilayotganingizga qarab emas, nimani tiklayotganingizga qarab baholaydi. Hokimiyatda qolish uchun korrupsiya, zulm va qalloblikka berilib, muxolifatni ezadigan rahbarlar shuni bilsinki, tarix sizni qoralaydi. Mushtingizni ochmoqchi bo'lsangiz, biz siz tomon qo'l uzatamiz".

Barak Obamaning aytishicha Amerika tinchlik istagan har bir davlat va insonning do'sti va global taraqqiyot uchun faol qadam tashlashni o'z majburiyati deb belgilagan.

"Rivojlanishga qiynalayotgan mamlakatlardan yordamni ayamaymiz. Ekinzorlarni parvarishlashdan tortib, ichimlik suvi bilan ta'minlashgacha; och qorningizni to'ydirishdan tortib, ziyo izlaganlarga madad berishgacha".

Rivojlangan jamiyatlar esa faqat o'z manfaatlari ustidan kuyunmay, dunyo boyliklari huzurini faqat o'zi ko'rmay, xorijda aziyat chekayotganlarni ham o'ylasin deyman. Dunyo o'zgarmoqda, biz ham o'zgarishga majburmiz",- deydi Obama.

AQShning 44-prezidentini yaqindan tinglagan siyosiy tahlilchi Alan Lixtman nazarida Obama har jihatdan o'zgacha rahbar bo'ladi.

"Barak Obama faqat Amerikaning emas, butun insoniyatning prezidenti bo'ladi chamamda",- deydi olim.

"Obama hayotga faqat AQSh nuqtai nazaridan emas, global nuqtai nazardan qaraydi. Shu bois faqat Amerika tarixida emas, jahon tarixida yangi davr boshlanmoqda. Vaqt xolis hakam".

XS
SM
MD
LG