Breaking News

Barak Obama - Tinchlik uchun Nobel mukofoti sovrindori




Nobel Tinchlik mukofotini idora etuvchi Norvegiyadagi qo’mitaning bildirishicha, “Obamaning xalqaro diplomatiyani kuchaytirish, xalqlar o’rtasida hamkorlikni oshirish borasidagi mardonavor sa’y-harakatlari bu yuksak mukofotga loyiq”.

Bugungi e’lon ko’pchilik uchun kutilmagan yangilik bo’ldi, chunki bu sovringa bosh nomzodlar ro’yxatida AQSh rahbarining ismi tilga olinmagan edi. Oq uyning tan olishicha, prezidentligining to’qqizinchi oyini o’tayotgan Barak Obamaning o’zi uchun ham bu hayratomuz voqea.

Nobel qo’mitasiga ko’ra, Obama global ahamiyatga ega murakkab muammolarni hal qilishda jonbozlik ko’rsatayotgani, dunyoni yadro qurollaridan tozalashga qaratgan sa’y-harakatlari uchun taqdirlandi. Qaror yakdillik bilan qabul qilingan.

“Barak Obama yetakchiligida hatto eng chigal mojaro, urush va nizolarni yechishda ham dialog va muzokara asosiy vositalar deya e’tirof etilayotgani tahsinga sazovor”, - deydi qo’mita raisi Turbyern Yagland.

“AQSh rahbari shu bois jahon e’tiborini o’ziga jalb eta, xalqaro ommani ertangi kun yorqin bo’lishiga ishontira oldi”.

“U olg’a surayotgan diplomatiya negizida davlatlar yetakchilikni o’zaro hurmat va totuvlik, bashariyat uchun umumiy qadriyatlar asosida olib borishi kerak degan tushuncha yotadi. Xalqaro muhitni yaxshilash, Birlashgan Millatlar Tashkiloti kabi xalqaro institutlarni mustahkamash zamon talabi. Nobel qo’mitasi bu ezgu maqsadlarni olqishlaydi”, - deydi qo’mita raisi Turbyern Yagland.

Barak Obama Tinchlik uchun Nobel mufokotini “shaxsiy yutuqlarim g’alabasi emas, AQSh va dunyo manfaati yo’lida qo’yilgan maqsadlar e’tirofi deb qabul qilaman”, deydi.

AQSh prezidenti 172 nomzod ichidan tanlab olingan. Amerikaning bu sovringa sazovor bo’lgan to’rtinchi prezidenti.

2002 yilda sobiq prezident Jimmi Karter, 1919 yilda Vudrov Vilson va 1906 yilda Teodor Ruzvelt Nobel bilan siylangan.

Sovrindorga 1,5 million dollarga yaqin mukofot puli topshiriladi.

Qaror Nobel laureatlari va dunyo rahbarlari tomonidan iliq qarshi olindi. Ammo ayrimlar nazarida katta siyosatga endigina qadam qo’yayotgan yosh arbob dunyo sahnasida hali biror sezilarli ish qilgani yo’q.

Janubiy Afrika sobiq prezidenti, 1993 yilgi mukofot sohibi Nelson Mandela Obamani tabriklab, dunyoda qashshoqlikni kamaytirishga kattaroq hissa qo’shishga chaqirgan.

Tinchlik mukofotiga asosiy da’vogarlardan biri deb ko’rilgan Zimbabve Bosh vaziri Morgan Tsvangiray fikricha Obama bu yilgi sovringa eng munosib nomzod.

2007 yilgi sovrindor, iqlim muammolarini ko’tarib chiqqani uchun Nobel mukofoti bilan taqdirlangan AQSh sobiq vitse-prezidenti Al Gor Obama g’alabasini Amerika uchun sharaf deya ta’riflagan.

Eron prezidenti Mahmud Ahmadinajod nazarida yuksak unvon Obamani dunyoda adolatsizlikka qarshi kurashga chorlashi lozim.

Polsha sobiq rahbari, Nobel laureati Lex Valesa fikricha esa Obama olg’a surgan tashabbuslar hali meva bergani yo’q.

Tolibon harakati Obama nomzodini qoralab, uni Afg’onistondagi mojaroni avj oldirganlikda, minglab insonlar o’limida ayblamoqda. Falastinning Xamas jangari guruhi ham qarorni tanqid qilgan.

Amerika ommasi orasida munosabat turlicha. Muxolif Respulikachilar partiyasi rahbari Mayk Stilning ta’kidlashicha, “Afsuski, Obamaning shuhrati tinchlik va huquq himoyasi bobida ko’p ishlar qilgan boshqa nomzodlardan ustun keldi”.

Respublikachilar Obama va uning Kongressdagi tarafdorlarini iqtisod va sog’liqni saqlash sohasida noqobil siyosat yuritayotganlikda ayblab keladi.

XS
SM
MD
LG