Breaking News

Barak Obama Nobelga munosibmi?




AQSh prezidenti Barak Obamaning Tinchlik uchun Nobel mukofotiga sazovor bo'lishi dunyoda turlicha qabul qilindi.

Kimdir uni qutlasa, kimdir noroziligini bildirgan. Norvegiyada joylashgan Nobel qo'mitasi AQSh rahbarini xalqaro diplomatiyani kuchaytirish va jahonni yadro qurollaridan xalos etishdagi xizmatlari uchun taqdirlaganini aytmoqda.

Oq uy matbuot kotibi Robert Gibbsning aytishicha, prezident Obama uchun bu kutilmagan voqea bo'ldi.

Barak Obama prezident bo'lganiga bir yil to'lmasdan jahon tinchligi yo'lida harakat qilgan fidoiy insonlar qatoriga qo'shildi. Nelson Mandela, Dalay Lama, Martin Lyuter King va boshqalar.

AQSh rahbarining aytishicha, o'tmishdagi sovrindorlardan farqli o'laroq u bu mukofotga loyiq emas.

"Ular meni va butun dunyoni matonati bilan hamisha ruhlantirgan," deydi Obama.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun Obamaning Nobel laureati bo'lgani ajoyib yangilik deydi.

"Prezident Obama jahonni qiynayotgan dolzarb muammolar - iqlim o'zgarishi, yadro qurollarini tarqatmaslik va qator boshqa xavfsizlik masalalari bo'yicha muloqotning yangicha ruhini o'zida mujassamlashtirgan", - deydi Pan Gi Mun.

AQSh sobiq prezidenti, Tinchlik uchun Nobel mukofoti laureati Jimmi Karterning aytishicha, sovrin xalqaro hamjamiyat Barak Obamaning dunyodagi tinchlik uchun harakatlarini tan olganidan dalolat.

Ammo hamma ham bunday fikrda emas. Ba'zilar fikricha, prezident Obama tinchlik yo'lida amalda hali hech bir yutuqqa erishgani yo'q. Normal 0 false false false EN-US X-NONE X-NONE MicrosoftInternetExplorer4

"Prezident bo’lganiga hech qancha bo’lgani yo’q. Qanaqa mukofot"?- deya xayron bo'ladi amerikaliklardan biri.

"Obama layoqatli rahbar. Lekin hozirgacha qilgan ishlari Nobelga arzirmikan"?- deya ajablanadi yana biri.

Misrlik professor Said Sodiq fikricha ham Obama Nobelga munosib emas.

"Arab-Isroil jarayoni joyidan siljimagan. Guantanamo qamoqxonasi hali ham ochiq. Qaysi xizmatlari uchun unga mukofot berilyapti"? -deydi olim.

AQSh Kongressida muxolifatdagi respublikachilarning bu xabarga munosabati turlicha bo'ldi. Ba'zilar sukut saqlayotgan bo'lsa, boshqalar nazarida tinchlik va inson huquqlari uchun ter to'kib kurashgan insonlar qolib ketib, sovrin Obamaga berildi. Yana bir respublikachi senator Jon Makkeynga ko'ra esa AQSh rahbari bunday yuksak mukofotga sazovor bo'lsa, amerikaliklar bu bilan faxrlanishi kerak.

Barak Obamaga qo'shimcha mas'uliyat yuklandi va u o'z oldiga qo'ygan vazifalarni sidqidildan ado etishi zarur, deydi Makkeyn. AQSh tarixida yana ikki prezident Nobel laureatlari bo'lgan. Bular - Vudro Vilson va Teodor Ruzvelt.


XS
SM
MD
LG