Breaking News

Obamaning reytingi tushib bormoqda, sabab va oqibatlar


Amerikada Barak Obama hokimiyatga kelganiga bir yil bo’ldi. Buyuk g’alabadan g’ururga to’lgan Demokratik partiya bugun biroz sarosimada.

Massachussetts shtatining yarim asrlik senatori Edvard Kennedi olamdan o’tgach, uning o’rni respublikachilarga boy berildi. Bu degani - Kongressda siyosiy kuchlar muvozanati o’zgaradi.

Endi muxolifat Obama olg’a surayotgan siyosiy-iqtisodiy dasturlarni to’xtatish uchun yetarli ovozga ega. “Prezident Obamaning bir yillik faoliyatiga berilgan baho shu”, deydi tanqidchilar. Uning xalq orasidagi reytingi tushib ketgan.

Barak Obama prezidentlikka saylanganida, liberal ruhdagi demokratlar orasida uning obro’si juda baland edi. Obama hali senatorlik paytida o’ta liberal qonunchi sifatida tanilgan. Hozir bu gaplarni eshitmaysiz.

Richard Tramka Amerikadagi eng yirik kasaba uyushmasi rahbari. “Yangi prezident biz kutgandek har jabhada dadil qadam tashlamadi”, - deya Obamani tanqid qilmoqda.

“Obama 2008 yilgi poygada namoyish etgan fahm-farosat, aqli rasolik va jasorat qayerda qoldi? Mamlakat oldidagi iqtisodiy muammolarni juda aniq tasvirlab bergan o’shanda. Kampaniya va’dalarini bajarish vaqti yetdi. Ularni ro’yobga chiqarish kerak”, - deydi uyushma rahbari.

“Prezident Obamaning inauguratsion nutqini bir eslang: hozirgi iqtisodiy ahvol qat’iy choralar ko’rishni talab qiladi. Biz nafaqat ish o’rinlari yaratamiz, o’sish uchun zarur poydevor quramiz, degan edi. Va’dasi ustidan chiqsin prezident”.

Siyosatshunoslar nazarida achchiq haqiqat shuki, Obama yuzlashayotgan muammolarning birortasi oson yechilmaydi. Ikki davlatda urush, sog’liqni saqlash islohoti va jamiyatni qiynayotgan ishsizlik. Rahbarlikning ikkinchi yilini boshlar ekan, Obamaning reytingi tushib ketgan.

Julian Bond kabi liberal faollar “bizni rozi qilish juda qiyin”, deya tan oladi.

“Ko’pchilik undan faqat xushxabar, yutuq va muvaffaqqiyat kutgan desak xato bo’lmaydi. Uni saylaymiz-u, hamma muammolar bir necha kunda bitib, hayot osonlashadi deb o’ylash xomxayoldan boshqa narsa emas”, - deydi faol.

Kongress uchun shu yil so’nggida kutilayotgan saylovlar va prezidentga nisbatan hozirgi norozilik demokratlar nufuziga zarba berishi mumkin. Buning ustiga yangi yilda bir necha nufuzli qonunchi iste’foga chiqishini e’lon qildi.

Demokratlar Kongressda ko’pchilik o’rinni saqlab qolmoqchi bo’lsa, deydi tahlilchilar, Obama yetakchilikni qayta qo’lga olishi kerak bo’ladi.

“Oq uyda tushkun kayfiyat sezilmaydi. Demokratlar orasida 2010 yil ham bizniki bo’ladi degan qarash hukmron, lekin bu qanchalik to’g’ri ekani saylovda bilinadi. Ungacha ancha vaqt bor”, - deydi Ken Volsh, Oq uyni yoritib kelayotgan jurnalistlardan.

Omma fikrini o’rganuvchi Gallup tashkiloti hisobicha hozir prezident Obamaning xalq orasidagi reytingi 50 foiz atrofida. Saylanganida qariyb 70 foiz edi.

Qisqa vaqt ichida u ko’p tarafdor yo’qotgani - demokratlarga ogohlantirish. Amerika prezidentidan shaxdam qadamlar kutmoqda.

XS
SM
MD
LG