Breaking News

Prezident Obamaning asirlarga doir siyosati tanqid ostida


AQSh Senatida ozchilikdagi respublikachilar sardori Mitch Makkonel va yana bir necha partiyadoshi yaqinda Afg'oniston va Pokistonda bo'lib, u yerdagi ahvol va terrorga qarshi urush qanday kechayotganini o'rgangan. Ularning aytishicha, AQSh va NATO kuchlari Afg'onistonda muvaffaqiyatga erishmoqda, ammo Obama ma'muriyatining ayrim qarorlari mujmal.

AQSh qonunchilari safar chog'ida Afg'oniston prezidenti Hamid Karzay, Pokiston Bosh vaziri Yusuf Rizo G'iloniy va harbiy rahbarlar bilan uchrashgan.

"AQSh qo'shinlari bor joylarda xavfsizlik yaxshilangan, biroq prezident Obamaning terrorchilarni qo'lga olishga doir ko'rsatmalari harbiylarda ko'p savollar tug'dirmoqda", - deydi senator Makkonel.

Muxolifat rahbari tanqidiga ko'ra, prezident Obamani terrorga qarshi urushdan ko'ra asirlar huquqlari ko'proq tashvishga solyapti.

"Natijada shunga erishdikki, Rojdestvo kuni samolyotni portlatishga uringan shaxsni so'roq qilish uchun harbiylar qo'liga emas, jinoiy sudga topshirib, uni yana advokat bilan ham ta'minladik. Bunday yondashuv terrorga qarshi urushga putur yetkazadi", - deydi respublikachi senator.

Barak Obama prezidentlikka saylangach, terrorchilikda gumon qilingan shaxslar saqlanayotgan Guantanamo qamoqxonasini yopishga, asirlarga nisbatan qiynoq qo'llanilishini man etishga so'z bergan edi. Ba'zilar jang maydonida qo'lga tushganlar ishini AQSh fuqarolik sudida ko'rib chiqishni taklif qilgan. Respublikachilar esa kinoya qilib, "balki terrorchilikda ayblanib, hibsga olingan shaxslarni konstitutsion huquqlarini bilan ham tanishtirarmiz" deydi.

Senator Makkonel va u bilan Janubiy Osiyoga safar qilgan qonunchilar prezident Obamaning AQSh qo'shinlarini Afg'onistondan 2011 yil yozida chiqarish qarorini ham tanqid qilgan.

Mayk Kraponing aytishicha, AQShning tashqi siyosatdagi eng katta xatosi ishni oxirigacha bitirmaslik.

"Afg'oniston va Pokiston hukumatlari aynan shundan tashvishda", - deydi senator.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti hisobiga ko'ra, o'tgan yili Afg'onistonda 2001 yilda urush boshlanganidan beri eng ko'p tinch aholi, 2412 kishi o'lgan. Ularning uchdan ikki qismi jangarilar xuruji va zo'ravonliklardan, qolgani esa koalitsiya kuchlari havo hujumlaridan nobud bo'lgan.

XS
SM
MD
LG