Breaking News

Obamaga bog'langan umidlar qanchalik amalga oshdi?


O’tgan yili Amerikada Barak Obama prezidentlikka kelishi nafaqat bu mamlakatda tarixiy voqea, balki jahon sahnasida bo’lajak ijobiy o’zgarishlar ramzi sifatida kutib olingan.

Iroq urushi sabab AQSh-Yevropa o’rtasida yuzaga kelgan ziddiyatlar barham topishiga, Yaqin Sharqqa tinchlik kelishiga ishonch baland edi. Bir yil o’tib Obamaga bog’langan umidlar qanchalik amalga oshdi?

Barak Obama saylov kampaniyasi davrida va g’alabadan keyin ham qayerga bormasin ommani o’ziga ergashtira oldi. Xususan shu yil boshida Yevropa uni misoli rok yulduzidek qarshi olgan. Obama har bir amerikalikning faxri, ko’pchilik uchun o’rnak va ilhom manbai edi.

“Ter to’kib mehnat qilgan odam orzuiga erisha olishi rost ekanini isbotladi u”, - deydi britaniyalik talaba.

Xalqaro aloqalarda diplomatiyani shior qilgan, tinchlik va hamjihatlikni e’tirof etgan yosh arbob global muammolarni hal qilishda jonbozlik ko’rsatgani uchun prezidentligining birinchi yilini tugatmasdanoq Nobel mukofotiga loyiq topildi.

Siyosatshunos Tomas Valashekning tushuntirishicha, Obama olg’a surgan yangi yondashuv - aloqalarni o’zaro hurmat asosida olib borish, global ahamiyatga ega muammo va nizolarni muzokara yo’li bilan, Xitoy, Hindiston va Rossiya kabi davlatlarni jalb qilgan holda hal etish taklifi xalqaro jamoatchilikka juda ma’qul tushdi. Amalda nima qilindi, bu boshqa masala”, - deydi tahlilchi.

Barak Obama boshqaruvga kelganidan bir yil o’tib, Iroqda urush nihoyasiga yetay deb qoldi, biroq mamlakat hamon beqaror. Afg’onistonda esa qo’shin sonini keskin oshirishga qaror qilingan. Eron va Shimoliy Koreyaga kelsak, hech biri yadro dasturini to’xtatishga shoshmayapti. Global harorat ko’tarilayotgani haqida bong urib kelayotgan davlatlar yaqinda Kopengagenda nimjongina bitim imzolash bilan cheklandi.

AQSh rahbari bir dunyo muammoni ko’rarib chiqdiyu, lekin birortasi hal bo’lganini ko’rmayapmiz”, - deydi britaniyalik mutaxassis.

Yaqin Sharq mintaqasida ham omma orasida o’xshash kayfiyat kuzatiladi. Obamaning Qohiradan turib islom dunyosiga qilgan murojaati ijobiy kutib olingan.

Biroq ma’ruzani tinglagan olim Hasan Nafa nazarida hozirga kelib mintaqa ahli AQSh siyosatida o’zgarish bo’lishiga ishonmay qo’ygan, ayniqsa, arab-Isroil masalasida.

Mojaroga yechim qidirayotgan Obama tinchlik muzokaralarini qayta boshlash uchun Isroilga G’arbiy sohilda yahudiy aholi punktlari qurilishni to’xtatish talabini qo’ygan edi. Rad javobini olgach, qistab o’tirmadi. Falastinliklar nazarida, bu Vashington Isroilga yon bosayotganining yaqqol isboti.

“Nega AQSh so’zida qattiq tura olmaydi, nega Isroilga shart qo’yishga haddi sig’maydi, qani va’da qilingan adolat va xolislik” – deya o’smoqchilaydi falastinliklardan biri.

Mintaqada AQSh imkoniyatni boy beryapti degan xavotir hukmron va siyosatdonlar ta’biricha, ehtimol, bu boshidan amalga oshmaydigan vazifa edi.

“Katta umidlar bilan saylangan bu arbobning ishlariga ham xuddi shunday yuqori o’lchov berilishi tabiiy. Qanchalik hakarat qilmasin, hamma narsaning chegarasi bor. Mavjud vaziyatni o’zgartirishning o’zi bo’lmaydi”, - deydi Tomas Valashek.

Barak Obama dunyoning ko’pgina qismlarida hurmat bilan tilga olinadi. U yetakchilik qilayotgan diplomatik tashabbuslar, reja va takliflar tahsinga sazovor. Biroq ko’pchilik siyosiy bayonotlar isbotini amalda ko’rmoqchi.

XS
SM
MD
LG