Breaking News

Ayollarni Kesar yo'li bilan tug'ishga nima majbur qilmoqda?


Ayollarni Kesar yo'li bilan tug'ishga nima majbur qilmoqda?
Ayollarni Kesar yo'li bilan tug'ishga nima majbur qilmoqda?
<!-- IMAGE -->

Amerika aholi soni va ko’payish bo’yicha rivojlangan davlatlar orasida yetakchi o’rinda turadi.

308 millionga yaqin kishi istiqomat qiluvchi bu mamlakatda bo’lajak onalar ko’p hollarda operatsiya orqali tug’ishni ma’qul ko’radi, Kesar yo’li bilan. Bu amaliyotda ona hayoti tabiiy tug’ishga qaraganda uch barobar ko’proq xavf ostida.

Amerikada Kesar jarayoni har 4800 onadan birining hayotiga zomin bo’ladi. Boshqa ko’plab davlatlarga qaraganda ancha past ko’rsatkich, ammo har bir inson hayoti bebaho, deydi shifokorlar.

Laiqa Ahmad Amerikaga yaqinda kelgan muhojirlardan. Ikkinchi farzandini kutmoqda. “Uni ham tabiiy yo’l bilan dunyoga keltirmoqchiman”, - deydi ona. Lekin Amerikada shifokorlar “operatsiya osonroq” deb bosim o’tkazar ekan deya noliydi bu ayol.

“Qizimni Angliyada tuqqanman. U yerda Kesar yo’li bilan tug’ishni uncha maslahat berishmaydi, chunki ham ona, ham bolaga xavfli deyishadi”.

Laiqa Ahmadning xavotirida jon bor. Amerikada har uch boladan biri Kesar usuli orqali dunyoga keladi. Homilador ayollar ko’pincha qachon, qayerda tug’ishini oldindan biladi. Shifokorlar tomonidan belgilangan.

Jahon Sog’liqni Saqlash Tashkiloti berayotgan ma’lumotlarga ko’ra, Osiyo davlatlarida ham bu metod keng tarqalib bormoqda. Har to’rt chaqaloqdan biri shunday tug’iladi.

Mutaxassislar hisobicha, 15 foiz hollarda Kesar usulini qo’llamasdan iloj yo’q. Juda nozik operatsiya, deydi ular.

Muattar Fauziya Virjiniya shtatida shifokorlik qiladi. Uning fikricha, amerikaliklar Kesar usuli oson deb adashadi. Majbur bo’lsagina uni qo’llash kerak, deydi u. Operatsiya ayniqsa ona salomatligiga zarar. Bachadon darz ketib, yallig’lanishi, qon ketishi mumkin.

Qorinni yorib bolani olish ayol organlarini bir umrga ishdan chiqarishi ham mumkin.

Muattar Fauziya “O’tgan bir yil ichida 86 foiz hollarda bolalar mening qo’limda tabiiy yo’l bilan tug’ildi”, deydi. U Kesar yo’lini qo’llamaslikka harakat qiladi.

“Pardalar, kanal zararlansa, yagona chora bu Kesar metodi. Shuning uchun homilador ayollarni tekshirayotganimda juda ehtiyot bo’lib ish ko’raman. Sabr-toqat kerak. Ona qiynaladi albatta. Lekin bola chiqishga tayyor bo’lgunigacha kutaman. Ba’zida 8 soat! Tabiiy yo’l bilan tug’iladi”.

Amerikada ayollarni Kesarga majbur qilayotgan yana bir sabab bor. Homilador ayollarning ko’pi 40 yosh atrofida. Ancha kech, deydi shifokorlar.

Lekin shunisi ma’lumki, faqat operatsiya orqali tug’aman deyayotganlarning aksariyati yosh ayollar. “Bunday hollarda”, deydi Muattar Fauziya, “bo’lajak onalarga maslahat berish – burchim”.

Vishnu Priya ismli mana yana bir ayol “Rosa qiynaldim, ammo bolam tabiiy yo’l bilan tug’ilganidan xursandman”, - deydi. “Do’xtirim shoshirmadi. Sabr qildi. Yo’l ko’rsatdi, yordam berdi. Bolam normal holatda dunyoga keldi”.

Kesar operatsiyalarini cheklash masalasi hozir siyosiy sahnaga chiqqan. Prezident Barak Obama ularni taqiqlashi kerak, deb chiqayotgan tashkilotlar bor.

“Obama va Sog’liqni saqlash vazirasi Katlin Sebelius bu muammoga jiddiy e’tibor qaratib, maxsus idora ochishi kerak. Har bir Kesar operatsiyasi tekshirilishi, ayollarni bunday tug’ishga majbur qilayotgan mutaxassislar javobgarlikka tortilishi kerak. U xavfli operatsiya ekani sir emas axir”, - deydi faollar.

Sog’liqni saqlash idoralari bu amaliyot xavfini tan oladi va bu borada qonun-qoidalar mavjud ekanini eslatadi. Ona va bola salomatligi birinchi o’rinda.

XS
SM
MD
LG