AQShda yaqinda nafaqat yangi prezident balki tarkibi o’zgargan Kongress ham ish boshlaydi. Asosiy vazifalardan biri mamlakat iqtisodini tanazzuldan chiqarish. Kam ta’minlangan oilalar uchun alohida yordam ajratilishi kutilmoqda.
Kentuki shtatida yashaydigan Kerri Blek ikki farzandning onasi, yolg’iz. Ishdan tashqari hamshiralikka o’qiyapti.
"O’qish qimmat. Narx-navo ham kun sayin oshib bormoqda. Turar joy uchun to’lash kerak. Oyning yarmiga borib hamyon bo’shab qoladi",- deydi Kerri.
Oila davlatdan ko’mak oladi – oziq-ovqat talonlari qo’l keladi.
"Odatda oziq-ovqat xarajatlari ro’yxat oxirida turadi. Har oy pulimni ayab, har bir sentni o’ylab ishlataman. Yetmay qolsa, yordam so’rashga majbursiz", - deydi u.
Oziq-ovqat talonlari hukumat tomonidan ajratiladi. Kam daromadli va kambag’al oilalar uchun ijtimoiy himoya. Ularga muhtoj fuqarolarning ko’pi - yolg’iz onalar.
Talonlar avval pochta orqali yuborilgan bo’lsa, hozir yordam puli elektron kartalarga o’tkaziladi.
AQSh hukumatiga ko’ra oziq-ovqat talonlariga bugun 300 millionlik aholining 10 foizi tayanadi. Muhtojlar soni ortib bormoqda. Shu yilning sentabrida 31.5 million odam yordam olayotgani aniqlangan. Hukumat hisobicha mamlakat bo’ylab jami 36 million kishi oilasini boqishga qiynalmoqda.
Kentuki shtatining Leksington shahri asosan yilqiboqar fermalari bilan tanilgan. Ot poygalari bu yerda mashhur.
Amerika bo'ylab joylashgan va oziq-ovqat tarqatauvchi 204 ombordan biri Kentuki shtatining Lexingtonda shahrida joylashgan. Hajmi 4300 kvadrat metrga teng. Ombor butun shtatni boqadi, deydi uning xizmatchilari.
"Mahsulotlar esa bu yerga AQShdagi turli kompaniyalardan keladi. Ombor oziq-ovqat taloni bilan ham kun ko’ra olmayotgan nochor oilalarga yordam qo’lini cho’zadi. Har oyda 800 ga yaqin oilaga ko’maklashamiz",- deydi ombor xizmatchisi Mandi Brauxa.
"Masalan dekabr oyining o'zida shtat bo’ylab yashayotgan 2000 ga yaqin oila yordamga muhtojligini bildirgan. Mamlakatning qayeriga bormang, shu ahvol",- deydi Brauxa.
"Bugun yordam so’rab kelayotganlar to’rt-muchchasi sog’, ilmli odamlar. Biroq ular ro’zg’orga yetkaza olishmayapti", - deydi u.
Maykl Martin 11 yil maishiy xizmat sohasida mehnat qilgan va bugun ishsiz. To’rt oydirki ish izlamoqda.
"Ishlamoqchiman, ammo ish yo’q. Nima ish bo’lsa ham qozonimni qaynatib turishga yetsa bo’ldi. Tilamchilik qilishni istamayman, mehnatim bilan pul topmoqchiman", - deydi Maykl.
"Shunday ahvolga tushganimda juda uyatdaman. Bozorga borib, hamma qatori to’lamay talonlar bilan hisob-kitob qilsa, odamlar sizga boshqacha qaraydi".
Tahlilchilar nazarida 2009 yilning oxiriga borib AQSh bo’ylab ishsizlik darajasi 9 foizga chiqishi mumkin. Bu degani o’ziq-ovqat talonlariga bo’lgan talab ham oshadi.