Breaking News

AQShda 46 million kishi, aholining 15 foizi tibbiy xizmatdan mahrum


Tibbiy sug’urta - Amerikada tinimsiz quloqqa chalinadigan tushuncha. Usiz yashash qiyin.

Sog’liqni saqlash xarajatlari har bir oilaning, qolaversa davlat byudjetining kattagina qismini tashkil etadi. Soha tub islohotga muhtoj ekani hammaga ma’lum. Ammo bu boradagi qonun loyihasi mana bir yildirki joyidan siljigani yo’q.

Bu orada, ayrim shtat va shaharlar tashabbusni o’z qo’liga olmoqda.

San Fransisko Kaliforniya shtatida aholi soni jihatdan to’rtinchi o’rindagi yirik shahar. Yaqingacha 800 ming aholidan qariyb 8 foizi, ya’ni 60 ming kishida tibbiy sug’urta yo’q edi. Shahar ma’muriyati ko’p o’tmay o’z dasturi bilan chiqdi.

Yangi tizimda mavjud klinika va notijoriy kasalxonalar ishtirok etadi. Shart shuki, faqat San Fransisko aholisiga xizmat ko’rsatiladi. Maqsad, deydi shahar hokimi Gavin Nyusom, odamlarni sifatli va arzon xizmat bilan ta’minlash.

“Sog’liqni saqlash sohasini tartibga solaylik deguncha hammani vahima bosadi. Davlat aralashuvi raqobatni o’ldiradi degan bema’ni gaplarni eshitamiz. Mana shahrimiz o’z dasturini joriy etdi. Osmon uzilib yerga tushgani yo’q”, - deydi Nyusom.

San Fransisko yo’lga qo’ygan dasturni sug’urta deb bo’lmaydi. Bemorga shahardagi 30 dan ortiq klinika va tibbiy muassasadan birini tanlab, arzonga davolanish imkoniyati berilgan.

Amerikada fuqarolarning aksariyati sog’lig’ini ish joyidan sug’urta qiladi, buning uchun yordam oladi. Ammo ishdan ketsa sug’urtadan ham ayriladi. Yildan yilga oshib borayotgan to’lovlarni hammaning cho’ntagi ko’tarmaydi.

“Biz bemor va shifokor o’rtasidagi dalloldan qutuldik”, - deydi San Fransisko hokimi. “Sug’urta kompaniyasi xizmati uchun pul oladi. Ular uchun mijoz emas, daromad birinchi o’rinda. Bu tizimdan voz kechdik”.

Hokimning aytishicha, har bir bemorning oylik tibbiy ehtiyojlari San Fransisko shahriga 300 dollarga tushmoqda. To’lov daromadga qarab belgilangan – oyiga 20 dollardan 200 dollargacha. Kambag’al aholi uchun xizmat bepul.

Lekin bu, dastur o’zini qoplaydi degani emas. Korxona va kompaniyalar ham o’z ishchilari sog’lig’ini saqlash uchun hissa qo’shishi kerak. San Fransisko biznes ahli talab qilinayotgan to’lovlar juda yuqori deya, sudga murojaat qilgan.

AQShning barcha shtatlarida shu muammo. Tadbirkorlar qo’shimcha xarajatni o’z mahsuloti narxiga qo’shib yozishga majbur.

Kaliforniyada mavjud qonunlarga muvofiq, bemor to’lay olmasa ham davolanishga haqqi bor. Yangi dastur, deydi San Fransisko rasmiylari, benuqson bo’lmasada sug’urtasiz fuqarolarga as qatmoqda.

XS
SM
MD
LG