Breaking News

Amerikada shifokor yoki hamshiralik qilish shartlari


Qo’shma Shtatlarga ish izlab kelgan tibbiyot xodimlari anchagina sinov va imtihonlardan o’tishi kerak. Shifokorlikka o’qish, litsenziya – ishlash uchun ruxsat olish, buning uchun talab qilinadigan to’lov va vaqt…

Chet elga borib ish topish hammaning ham qo’lidan kelavermaydi, hatto doktorlarning. Kubada vrachlikka o’qigan Oskar Gonzalez ish va o’bro’ izlab Qo’shma Shtatlarga kelgan. Shifokor litsenziyasini olish uchun kamida 6 yil vaqt va bir dunyo pul kerakligini eshitib kapalagim uchub ketdi deydi u.

“Amerikada muvaffaqiyat qozonishning tez va qisqa yo’li kerak edi menga. Chunki oliy ma’lumoting bo’la turib, ishsiz yursang g’alati, noqulay bo’lar ekan sizga aytsam”,-deydi Oskar.

Bundan 5 yil oldin Florida Xalqaro Universiteti chet ellik doktorlarning tibbiyotga qaytishini osonlashtirish uchun alohida dastur tuzgan. Hamshiralarni tayyorlovchi dasturni shu paytgacha 400 talaba bitirdi.

Universitet rasmiysi Pola Delpechning aytishicha, mahalliy kasalxona xodimi bergan taklif dastur ochilishiga turtki bergan.

“Bir tanishim “qon olish va haydovchilik kabi oddiy yumush qilib yurgan chet ellik vrachlar bor. Ularga yordam bera olasizmi” deb so’rab qoldi. Biz “ha” dedik”,- deydi Delpech.

Boshqa joylarda hamshiralar 4 yil o’qisa, bu yerda 1,5 yil ta’lim oladi. Boshqa shtatlardagi xorijliklar uchun masofadan turib o’qitish usuli ham yo’lga qo’yilgan.

Irina Yaroshenko asli shifokor. Iqtisodiy sharoit og’irligi tufayli Ukrainadan Amerikaga ko’chib kelgan.

“Ukrainada vrach mashina yoki uy sotib ololmaydi. Kredit olishning iloji yo’q, maosh kam”,- deydi Irina.

Ba’zi muhojirlar AQShga moliyaviy sabablar bilan keladi. Ayrimlar urush, siyosiy tahdid tufayli vatanidan bosh olib ketgan.

Karolina Argello 20 yil oldin Nikaraguadagi fuqarolik urushidan jon saqlab AQShga keldim deydi. Avval mayda-chuyda yumushlarni bajarib yurib, yaqinda hamshiralik kurslarini tugatdi.

“Men uchun bu katta yutuq. Endi hamshiraman, istagan joyda, har qanday vaziyatda ish topa olaman, imkoniyatlarim cheksiz”,- deydi Karolina.

Talabalar bemorga tashxis qo’yib, qanday dori belgilashni, kasallik qaytalamasligi uchun nima qilish kerakligini aytadi, xullas jarayonni boshdan oyoq kuzatadi.

Ba’zilar uzoq yil shifokor bo’lib ishlab, yana o’qishga qaytishga qiynaladi. Karolina Nikaraguada ko’rganlarini yaxshi eslaydi. Tibbiyotga qaytishga yordam bergan insonlardan minnatdorman deydi u.

“Ba’zilarning yangi muhit, texnologiya, davolashning o’zgacha usuliga moslashishi qiyin. Vatanimizda o’rinli bo’lgan ko’nikmalar Qo’shma Shtatlarda doim ham to’g’ri kelmasligi mumkin”,- deydi Karolina.

Florida Xalqaro Universiteti chet ellik vrachlarning kasbiy malakasini oshirib, AQSh tibbiyotiga moslashishiga yordam beradi. O’qish davomida ularning bilim va ko’nikmasi charxlanadi, mutaxassis sifatida pishadi.

XS
SM
MD
LG