Breaking News

AQShda ta'lim: bo'lajak rahbarlarni tayyorlovchi dastur haqida


<!-- IMAGE -->

ACCELS, Amerika xalqaro ta’lim kengashi, mana 35 yildirki dunyoning o’nlab davlatlarida faoliyat ko’rsatib keladi.

Talabalar, olimlar va muallimlar, turli kasb egalarini qo’llab-quvvatlovchi bu tashkilotning Markaziy Osiyoda ham bo’limlari bor.

O’tgan yili har xil dasturlar orqali 3600 dan ziyod xorijlik mutaxassislar va studentlar Qo’shma Shtatlarga kelib o’qigan, izlangan.

Bilim, ma’rifatni tar’gib qiluvchi Amerika xalqaro ta’lim kengashi 1974-yildan beri ishlab keladi.

ACCELS Markaziy Osiyo davlatlariga 1990-yillar boshida kirib borgan

Hozirda Qirg’iziston, Qozog’iston, Turkmaniston, Tojikiston va Afg’onistonda idoralari bor. 2006 yilda idora O'zbekistondagi bo'lim hukumat bosimi ostida yopilgan edi.

“Qirg’izistondan hozir 45 talaba Amerika ta’lim dargohlarida tahsil olmoqda”,- deydi kengash vitse-prezidenti Deyvid Patton.

ACCELS bu davlatning Bishkek va O’sh shaharlarida alohida bo’limlar ochgan. Bundan tashqari, Bishkekda markaziy osiyolik o’nlab yoshlar, jumladan, o’zbekistonliklar o’qiyotgan Amerika Universitetini ham shu idora boshqaradi.

“Har ikki shaharda tashkilot odatdagi tartibda ishlamoqda. Bishkekdagi to’polon paytida ham ochiq edik. Studentlar, xodimlarimiz bilan muntazam aloqadamiz”,- deydi janob Patton.

ACCELSning O'zbekistondagi faoliyati haqida to'xtalar ekan, Deyvid Patton "AQSh-O'zbekiston aloqalari yanada jonlanib, nohukumat tashkilotlar mamlakatga qaytib, ishlab boshlaydi degan umiddamiz. Biz O'zbekiston ta'lim vazirliklari, xalqi bilan uzoq va samarali hamkorlik qilganmiz. Yoshlar Qo'shma Shtatlarda bilim olishni istaydi, qiziqish hamon baland. ACCELS yana O'zbekistonga qaytadigan palla tez orada keladi degan umiddamiz",-deydi.

Amerika xalqaro ta’lim kengashi yuritadigan dasturlardan biri FLEX (Future leaders exchange program) deya nomlanadi va 10-11 sinf o’quvchilariga mo’ljallangan. Bo’lg’usi yetakchilarni, liderlarni tayyorlaydi.

<!-- IMAGE -->

Hozirda FLEX dasturi orqali sobiq ittifoq davlatlaridan taxminan 1000 o’quvchi Amerika maktablarda bilim olmoqda

Qirg’izistonlik Ayzat Yakubaliyeva bu programma bitiruvchilaridan. 2007 yilda AQShning Texas shtatida, Sengvin shahrida bir yil yashadi, maktabga bordi.

Faolligi, qiziquvchanligi bilan tanilgan Ayzat rossiyalik va ozarbayjonlik ikki student qatorida shu yil boshida Vashingtonda Amerika ta’lim kengashi yillik anjumaniga ma’ruza qilish uchun taklif qilindi.

Bu tashrif chog’ida Ayzat FLEXning hozirgi qatnashchilari, o’quvchilar, davlat departamenti rasmiylari bilan uchrashdi, Amerikada o’tkazgan davrini esladi.

Yoshroq talabalar bilan o’z tajribasi, nimalarga e’tibor berish kerakligi haqida gaplashdi.

“Ayzat kabi talabalar haqiqiy bo’lajak yetakchilar”,-deydi Amerika ta’lim kengashi rasmiylari.

Ayzat Yakubaliyeva Qirg’izistonning Norin shahrida tug’ilib katta bo’lgan. Otasi hisob-kitob bilan shug’ullanadi, onasi esa maktabda muallim – “meni onam o’qitgan” deydi u. Volontyor – ko’ngilli ishlarda, xayriya loyihalarida qatnashish desa doim tayyor.

“Texasda o’qib yurganimda qariyalar uyida yordamchi bo’lib ishladim”,-deydi Ayzat. Qirg’izistonga qaytib, tengdoshlari bilan “Dilgir” nomli guruhga asos soldi. Bolalar uylari, kasalxonalar, bolalar onkologiya markazi va qariyalar uylariga borib, ko’mak taklif qilib, konsertlar o’tkazishdi. Yozda esa chekka qishloqlarda yashovchi bolalar uchun lagerlar tashkil qildi – “hammasini o’zimiz uyushtirdik, mablag’ to’pladik”, deydi Ayzat.

Hozirda Davlat departamenti yurituvchi barcha ta’lim dasturlari qatnashchilarini bir joyga to’plash, muntazam aloqada bo’lish ishlariga aynan qirg’izistonlik talaba yoshlar boshchilik qilmoqda.

Suhbatdoshimiz Texasda bir yil ta’lim olib qaytgach, Bishkekdagi Amerika Universitetiga qabul qilindi – hozir xalqaro aloqalar sir-sinoatini o’rganmoqda.

“FLEX dasturi mening dunyoqarashimni kengaytirdi”, - deydi u.

“Hayotdan nima xohlashimni, qaysi sohada ishlashimni bilaman endi. Har bir davlat bilan yaxshi muomalada bo’lish kerakligini tushundim. Bundan 10 yillar o’tib, diplomat kasbida ko’raman o’zimni. Qirg’izistonda qanday islohotlar amalga oshirish kerakligi haqida katta rejalarim bor”, - deydi Ayzat Yakubaliyeva.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG