"Amerika Ovozi" ga muxlislardan kelayotgan maktublarda ko’pchilik Amerikada bepul o’qish yo’llari bormi, qayerdan yordam olish mumkin, kimga murojaat qilish kerak deb savol beradi.
AQSh ta’lim tizimida muayyan tartib-qoidalar mavjud. Moliyaviy yordam va stipendiyalarning aksariyati talaba o’qishga kirib olgandan so’ng beriladi.
Oxirgi 10 yil ichida ta’lim bahosi bir necha barobarga oshgan. Talabalar o’qish xarajatlarini qoplash uchun minglab dollar qarz olishga majbur, uni qaytarish uchun esa ba’zida yillar kerak bo’ladi.
Vaziyatni ko’rib turgan qonunchilar esa hayron, nima sababdan universitetlar studentlarga yordam bermayapti? Nima uchun o’z tasarrufidagi mablag’ni talabalar bilan bo’lishmayapti?
Albatta, universitet pulni nimaga va qanday sarflashni o’zi biladi, qonunchilar aralashmasin deb e’tiroz bildirish mumkin. Gap shundaki, o’qish puli oshgani sari AQSh hukumati moliyaviy yordam miqdorini ko’paytirishga majbur. Demak, e’tiroz o’rinli.
AQShdagi har bir universitetning shaxsiy xazinasi – fondi mavjud. Bu jamg’arma hayriya va sarmoya hisobiga hosil bo’lib, asosan, stipendiya, moliyaviy yordam va universitetni ta’mirlash ishlariga sarflanishi kerak. Garvard (Harvard University) va Yel (Yale University) eng boy universitetlar. Garvard o’z xazinasida 35 milliard, Yel Universiteti esa 22 milliard dollarga ega.
Nihoyat yaqinda bu ta’lim maskanlaridan xush xabar keldi.
Joriy yildan e’tiboran daromadi o’rtacha bo’lgan oila farzandlariga imtiyoz beriladi. Masalan, oila yiliga 60 ming dollardan kam pul ishlab topsa, o’qish pulini umuman to’lamasligi mumkin. Agar 100 ming dollar daromad qilsa, oila ta’lim narxining 10 foizini to’laydi xolos. Har yili 46 ming dollar (Garvard va Yel universitetlarida bir yillik ta’lim bahosi) to’lab kelayotgan oila uchun bu qanday xushxabar ekanini aytib o’tirishga hojat yo’q.
Ya’ni Garvard va Yel universitetlarida narx-navo qolgan ta’lim maskanlaridan deyarli farq qilmay qo’yadi. Demak, puli oshib-toshib ketmasa-da, zehni o’tkir va iste’dodli qiz-yigitlar Garvard yoki Yel universitetlarini mo’ljalga olsa bo’ladi.
Albatta, bu xabar narxi nisbatan pastligi bilan ajralib turgan boshqa universitetlarga yoqmasligi mumkin. Chunki Garvard va Yel ularning nonini tortib olmoqda.
Mutaxassislar fikricha, oliygohlar o’rtasidagi raqobat ta’lim sifatini oshiradi, ammo yoshlarning cho’ntagi ko’tarmasa, ular bu bilimdan bahramand bo’la olmaydi. Amerikada ta’lim sohasi egalari hozir ana shu masala ustida o’ylanmoqda.