Global iqlim isib borayotgani, atrof-muhit muhofazasi va atmosfera ifloslanishi bugungi kundagi dolzarb masalalar.
Jiddiy xavotirga tushgan insoniyat muammoni hal qilish ustida o’ylanmoqda. Tabiiyki, soha mutaxassislariga talab oshgan.
AQShdagi aksariyat universitetlar ekologiya, atrof-muhit himoyasi, qishloq xo’jaligi va muqobil energiya manbalari kabi yo’nalishlarda o’quv dasturlarini kengaytirgan.
Yaqin 10 yillikda ekologiya va qishloq xo’jaligi sohasi egalariga talab oshishi kutilmoqda. Demak, tabiatsevar yoshlar uchun yangi imkoniyatlar paydo bo’ladi.
Bu yil AQShning Arizona Universiteti (Arizona State University) ekologiya fakultetini kengaytirdi. Maqsad – atrof-muhit va iqtisodiyot muammolariga yechim topa oladigan yetakchi mutaxassislarni tayyorlash.
Nyu Xempshirdagi Antiok Universiteti (Antioch University), Ayovadagi Maxarishi Menejment Universiteti (Maharishi University of Management)da va San Fransiskodagi Dominikan Universiteti (Dominican University of California) ham ekologiyaga qiziqqan yoshlar uchun kuchli dasturlar taklif qiladi.
Yaqin-yaqingacha bu soha mutaxassislari ish topa olmay yurgani sir emas. Biroq vaziyat asta-sekin o’zgarmoqda. Ayniqsa, rivojlangan davlatlarda biror biznes loyihani boshlashdan avval uning atrof-muhitga zararsiz ekaniga ishonch hosil qilish talab qilinadi. Shu bois kompaniyalar qishloq xo’jaligi, atmosfera, ekologiya va toza energiya manbalaridan boxabar xodimlarni ishga yollashdan manfaatdor.
Keling, endi, tinglovchilarni qiziqtirgan navbatdagi mavzu – jismonan zaif insonlar uchun AQShda o’qish imkoniyatlariga to’xtalaylik.
Amerikada eshitish qobiliyati zaif talabalar uchun maxsus universitet bor – Vashingtonda joylashgan Galladet Universiteti (Gallaudet University in Washington DC).
Universitetda 2 mingga yaqin talaba o’qiydi. Moliyaviy yordam va stipendiyalar bor. Biroq bu yordamni 2-kursdan boshlab olish mumkin. Bu yerda biologiya, san’at, matematika, biznes, psixologiya, tarix, kimyo va yana ko’plab boshqa yo’nalishlarda bakalavr, magistrlik va nomzodlik darajasini olish mumkin.
Yana bir ta’lim maskani – Nyu-Yorkdagi Texnika Instituti(National Technical Institute for the Deaf). Eshitish qobiliyati zaif insonlar uchun mo’ljallangan bu institutda qariyb 100 nafar xalqaro talaba o’qiydi. Ko’pi Afrika, Osiyo, Yevropa va Janubiy Afrikadan. Ta’lim bahosi yiliga 28 ming dollar.
AQShda ta’lim olish imkoniyati borasida savollarni uzbek@voanews.com ga yo’llang.