Chamasi 50 kishi to'plandi
Toshkentda Amir Temur xiyobonida kesilgan chinorlarni xotirlash aksiyasi o`tdi.
Yig’in asosan internetda muloqot qiluvchi yoshlar tomonidan tashkil qilingan bo`lsa-da, marosimda har xil yosh, kasbdagi odamlar bo’lgan.
Kesilgan chinorlar uchun qo`yilgan gullar va shamlarni xiyobondagi posbonlar tezda yo’q qilgan.
Aksiyaga chiqqanlar daraxtlarning hech bir izohsiz kesib tashlanishini vahshiylikka qiyoslaydi. Jamoatchilik vakillari nazarida poytaxt hayotida qilinayotgan muhim o`zgarishlar yuzasidan xalqqa izoh bermaslik norozilik uyg`otmoqda.
Ko`plar O`zbekiston ekologlar harakati, rasman parlament tarkibiga kirishga hozirlanayotib, yuz yillik chinorlar kesilishiga befarq qolayotganidan hayratda.
Aksiya ishtirokchilari xiyobondagi chinorlar yoppasiga kesib tashlanganidan, bu haqda jamoatchilikka hech qanday tushuntirish berilmaganidan norozi.
“Biz odamlarni befarq qolmaganidan xursandmiz. O'ylaymizki, bu aksiya tepadagilarga ham borib yetadi. Keyingi safar ular biror ish qilishdan avval jamoatchilikdan ham ruxsat so`rashadi”, - deydi aksiya ishtirokchisi.
“To'g'ri, aksiya biroz kechikdi, agar noroziligimiz biror natijaga olib kelishiga ishonganimizda, ehtimol, ertaroq o`tgan bo`lardi. Hozir esa faqat xotirlash marosimi bo`layapti”, - deydi boshqa bir ishtirokchi.
Kesilgan daraxtlarni xotirlash uchun ellikka yaqin odam to`plandi. Xiyobonga kirish to`sib qo`yilgani uchun ular bog' atrofini aylanish bilan cheklanishdi. Bog' panjarasiga qo`yilgan gullar esa zudlik bilan yo`q qilindi.
“Shamlar bir necha soniya turdi xolos. Polkovnik kelib hammasini yanchib tashladi. Menimcha, ular boshqacha munosabat bildirishga qodir ham emas”, - deydi ishtirokchilardan biri.
Sabablar: daraxtlar kasallangan, shahar markazida qurilishga halaqit bergan
Poytaxt markazidagi chinorlarni kesish bir hafta muqaddam boshlangan edi. Rasmiy matbuot bu haqda hech narsa yozmagan, ammo turli mustaqil nashrlarda mavzu muhokamada. Hukumat hozirgacha chinorlar kesilishi yuzasidan jamoatchilikka rasman ma`lumot taqdim etmadi. Bu borada davlat idoralaridan olingan turli izohlar mavjud.
Jumladan, chinorlar iqlim sharoitiga chidash bermasdan, kasallikka uchragani, daraxtlar shahar markazini qayta qurish planiga halaqit berayotgani kabi izohlar.
Ekolog Rustam Razzoqovning aytishicha, daraxtlarning kasallangani haqida aniq bir fikr aytish qiyin.
“Bu haqda, albatta, O`zbekiston ekologlar harakati o`z fikrini bildirishi kerak edi, lekin meni unga aloqam yo`q. Daraxtlar chor Rossiyasi davrida ekilgan. 150 yildan buyon yashab kelayotgan edi, qanaqa kasal tushgan - buni bilmayman. Hozirgi vaziyatda daraxt qancha ko`p bo`lsa, shuncha yaxshi. Iqlim o`zgarayotgan paytda daraxtzorlarni ko`paytirish kerak”, - deydi ekolog.
Xavfsizlik uchun qilishgan, Forumlar saroyi xavfsizligi uchun...
Jurnalist Sid Yanishevning aytishicha, davlat idoralaridan olingan izohlar qarama-qarshi, haqiqiy sababini ko`rsatmaydi.
“Haqiqatda bu izohlar ostida biror asos yo`q. Daraxtlar kesib tashlanishining asosiy sababi - yaqinda qurilgan forumlar saroyi xavfsizligini ta`minlash bo`lsa kerak. Chunki hukumat miqyosidagi, prezident ishtirokidagi tadbirlarni bu saroyga ko`chishi ta`kidlanmoqda. Uzoq yillik chinorlar esa xavfzislikni ta`minlashga halaqit bergan bo`lishi mumkin”, - deydi Sid Yanishev.
Jamoatchilikka hech narsa aytishmagani bizga xos an'ana
Akademik Bekjon Toshmuhammedov nazarida keksa yoshli chinorlar kesilishi achinarli, biroq ayrim vaziyatlarda hokimiyat shunday qilishga majbur bo`ladi.
“Toshkentliklar daraxtlar kesilishini ko’rib turibdi, qayg`urmoqda. Albatta, qarama-qarshi tuyg`ular yuzaga keladi, keksa daraxtlarni kesishga to`g`ri kelmoqda. Ba`zan shunday bo`ladi. Chunki ayrim hollarda yo`llarni kengaytirish kerak, Buyuk Ipak yo`li kengayishi munosabati bilan ham daraxtlar kesilgan edi. Hozir esa poytaxt markazi kengaytirilmoqda, demak bu lozim. Markaz uzoq yillik daraxtlar soyasida qolishi kerak emas, keng va kattaroq bo`lishi kerak deb hisoblanmoqda. Ular ham buni majburan qilishayapti. Jamoatchilikka hech narsa deyishmagani esa bu bizga xos narsa”, - deydi akademik.
Jamoatchilik vakillari deydiki, chinorlar kesilishiga sabab nima bo`lishidan qat`iy nazar hokimiyat poytaxt hayotida muhim ahamiyat kasb etgan xiyobon taqdiri haqida ogohlantirish berishi kerak edi.
“Daraxtlarni nima uchun qirqishmoqda, ikkinchidan, uning o`rniga nima bo`ladi? Bu men uchun ham, boshqalar uchun ham qorong'u. Masalan, shahar, poytaxt ahamiyatiga molik joylarni buzishdan oldin, o`z maqsadlarini bayon qilishsa, bu narsalar to'g'ri yoki noto'g'ri deyish mumkin edi. Hozir bu narsa aniq bo`lmasdan turib men buni yaxshi ham yomon ham deya olmayman”, - deydi adabiyotshunos olim Baxtiyor Isabek.
Ekologlar harakati maslahati: shikoyat yozib hokimiyatga chiqing
Amir Temur xiyobonida chinorlar kesilishi eng ko`p muhokama qilingan voqealardan biri bo`ldi deyish mumkin. Biroq hozirgacha birorta ekologik tashkilot bu borada fikr bildirmagan. O`zbekistonda mintaqada birinchilardan bo`lib yashillar partiyasi tuzildi. Ekologlar harakati ayni paytda O`zbekiston Oliy Majlisidagi 15 deputatlik o`rni uchun kurashmoqda.
Atrof-muhitni, tabiatni muhofaza qilish uchun siyosiy sahnaga chiqayotgan ekologlar harakatining xiyobonda kechayotgan voqealar yuzasidan jimligi ayrimlarda hayrat yug`otsa, boshqalar ekologlar harakati ham qo'g'irchoq tashkilotlardan biri ekanini isbotladi deydi.
“Ular hozirgacha tabiatga yetkazilgan qusurlar yuzasidan norozilik bildirgani kuzatilmagan, bundan keyin ham Toshkentdagi butun daraxtlar kesilgan taqdirda biror norozilik bildirishiga ko`zim yetmaydi”, - deydi Baxtiyor Isabek.
Xiyobonda o`tgan aksiya ishtirokchilaridan biri nazarida aynan O`zbekiston Ekologlar harakatining sukut saqlashi ham norozilikka sabab bo`lgan.
“Daraxtlar kesila boshlashi bilan Ekologlar harakatiga ko`plab qo'ng'iroqlar bo`lgan, bu internetda ancha muhokama bo`ldi. Biroq ular shikoyat yozib, hokimiyatga murojaat qilinglar deyishdan nariga o`tmagan”, - deydi u.
O`zbekiston Ekologlar harakati vakillaridan birining aytishicha, u xiyobonda bo`layotgan voqealardan xabarsiz. Tashkilot doirasidagi munosabat haqida hech narsa deya olmaydi.
Akademik Bekjon Toshmuhammedov fikriga ko'ra, keyingi yillarda ekologik vaziyat O'zbekiston hayotidagi birinchi o`rindagi muammoga aylanadi. Bu muammolarni kun tartibiga chiqarish ekologlardan nafaqat siyosiy vakolatni, balki oshkoralikni, mustaqillikni talab etadi.
“O`zbekiston bir tomondan cho'l, ikkinchi tomondan esa tog`lar bilan tutashgan, ekologik jihatdan xavfli bir vaziyatda turibdi. Bunday sharoitda biror ekologik harakat, partiya albatta kerak. Mayli ular xalq bilan gaplashmasin, vaziyat haqida hisobot berishmasa ham biror narsa qilishga urinib ko`rishsin. Biz suvni, ichimlik suvini saqlab qolishimiz kerak”, - deydi Toshmuhammedov.
Ayrim mulohazalarga ko`ra, ekologlarning siyosiy vakolatga ega bo`lishi aks natija berishi - ekologik muammolar, ekologlar faoliyati ustidan nazorat kuchayishiga olib kelishi mumkin.