Bu oqim tashabbuschilari fikriga ko’ra, mamlakatdagi ekologik vaziyat shuni taqozo etmoqda.
Sharhlovchilar nazarida esa O’zbekistonda hukumat tomonidan boshqariladigan yangi partiya yuzaga kelayapti.
90-yillarda ekologik partiya tuzish tarafdori bo`lgan faollar hukumatga mute siyosiy harakat mavjud vaziyatni o`nglashi qiyin deydi.
O`zbekistonda ekologiya bilan shug`ullanuvchi siyosiy harakat tashbbus guruhi vakili, falsafa fanlari doktori, “Ekoforum” nodavlat tashkiloti rahbari Saidrasul Sanginov harakatga ehtiyoj bor deydi.
“Ekologik harakat 80-yillarda boshlangan, 2000 yillarda bu muammo bilan shug’ullanuvchi tashkilotlar birlashmoqchi bo`lib, ishchi guruh tuzdik. Shu yillar mobaynida “Ekoforum” ham tashkil qilindi, hamkasblar bilan analiz qilib, bu harakatni kengaytirmasak bo`lmaydi degan qarorga keldik. Siyosatga ham, ekologik muammolarga ham ta’siri kam. Shu munosabat bilan tashabbuskor guruh tuzildi. Endilikda O`zbekiston ekologlar harakatni tuzmoqchimiz”, - deydi Sanginov.
Saidrasul Sanginov harakatning maqsadi davlat siyosatidan qat’iy nazar muammoga yechim topish yo’lida jamoatchilikni birlashtirish ekanini ta`kidlaydi.
“O`zbekistonda ekologiya birinchi darajadagi muammo. E`tibor qaratmasak, bo`lmaydi. Davlatning kuchi hamma narsaga yetmaydi. Jamoatchilik ham mas`uliyatni o`z bo`yniga oladi,” - deydi Sanginov.
Sharhlovchi Iskandar Xudoyberganov fikriga ko`ra, O`zbekistonda faqat hukumat ruxsati bilangina siyosiy harakat, partiya tuzish mumkin.
90-yillar o`rtalarida ekologik muammolar bilan shug`ullanuvchi partiya tuzish tashbbusi bilan chiqqan olim, O`zbekiston Fanlar Akademiyasi akademigi Bekjon Toshmuhammedovning aytishicha, u ekologlar partiyasi tuzilayotganini tasodifan eshitgan, u bu harakatga taklif qilinmagan.
“Shunday partiya tuzish tepadan rejalashtirilgan, nazarimda. Meni taklif qilishmagani sababi har holda tanqidiy qarash potensialim kuchli ekanida bo`lsa kerak. Ko`ramiz, qanday dasturlar bilan chiqadi. Bunday partiya kerak va u qattiq pozitsiyada turishi lozim, chunki bu boradagi muammolar juda ko`p”, - deydi akademik Bekjon Toshmuhammedov.
Bekjon Toshmuhammedov so’zlariga ko`ra, siyosiy harakat mavjud ekologik muammolarni mustaqil tarzda o`rgana boshlasagina biror foyda keltrishi mumkin. Aksincha, navbatdagi qo’g’irchoq partiya shakllanadi deydi u.
O`zbekiston ekologlar harakati tashabbus guruhi vakili
Saidrasul Sanginovning aytishicha, hozir ta`sis qurultoyini chaqirish,
jamoatchilikda ko`zga ko`ringan vakillarni jalb qilish ishlari olib borilmoqda.